“Farmonboz”ning 2025 yil xotiralari yoxud zamonaviy “qirol”

Tahlil

AQSH – bu dunyo shaxmat doskasidagi yirik sipohlardan biri. Garchi dunyo qutblari ko‘paygan bo‘lsa-da, hanuz uning ovozi balandroq va ta’sirliroq bo‘lib qolmoqda. Bunday qudratli davlat hokimiyatida o‘tirgan inson qarorlari shubhasiz xalqaro maydondagi voqealar rivojiga ta’sir qiladi. Qaysidir ma’noda Oq uyda imzolangan qaror yoki farmon boshqa bir xalqaro doiradagi hujjatga qo‘yiladigan imzoni hal qilishi mumkin.

2025 yil unikal voqealar, inqilobiy qarorlar va aldamchi sulhlarga boy bo‘ldi. Ba’zida ikki turli qit’a davlatlari o‘rtasida boshlangan urush haqidagi yangilikni o‘qib, “Uchinchi jahon urushi boshlandi”, deb qo‘rquvga tushgan bo‘lsak, yana ba’zida tarixiy mojaro tugagani haqida o‘qib filmlardagidek kelajakka umid uyg‘ondi. Sovuq urush yakunlangandan keyingi eng xavfli yadro hurujini o‘z tanamizda his qilib ko‘rdik. Hatto XXI asrda asrning eng dahshatli genotsidini bir muddat shaffof parda bilan berkitishmoqchi bo‘lishdi. Bularning barchasi birgina shaxs, o‘z mamlakatida “qirol” yoki “diktator” deb haqoratlangan, lekin xalqaro doirada “Tinchlik o‘rnatuvchisi” va “Xaloskor” deb mukofotlangan inson atrofida sodir bo‘ldi va u – AQSHning 47-prezidenti Donald Tramp.

2025 yil – “Tramp yili”

Donald Jon Tramp – bu AQSH zamonaviy tarixidagi eng ta’sirli shaxslardan biri. Tramp – jo‘shqinlantiruvchi nutqlar, kutilmagan qarorlar, taxmin qilib bo‘lmas harakatlar, siyosatchiga xos bo‘lmagan chiqishlar, millionlab qarsaklar va xuddi shuncha tanqidlar, bolalarga xos injiqliklar va qariyalarga xos o‘jarliklarni shov-shuvli karera atrofida jamlagan fenomen. U imzolaydigan qarorlar maqsadi tushunarsiz, u himoya qilayotgan pozitsiya tushunarsiz va ba’zan hatto u amalga oshirayotgan ishlar ham shunday. Hech kim uni nimani xohlashini, nima qilmoqchligini oldindan aytib berolmaydi, bugungi do‘sti ertaga dushmanga yoki dushmani bir kunda do‘stiga aylanib qolishi mumkin. Biznesdan siyosatga sakragan bu inson murakkab shaxsiyat va g‘alati dunyoqarash sohibi. Bunday “xavfli” fe’l-atvor egasining qo‘lida esa ayni damda dunyoning eng qudratli iqtisodi va armiyasi bor.

2025 yil, ikkinchi prezidentlik muddatini o‘tash, vakolatini bajarishga kelgan Donald Tramp saylangandagi yoshiga ko‘ra AQSH tarixidagi eng keksa prezident bo‘lib tarixga kirdi. AQSHning 47-prezidenti 79 bahorni qarshilagan bo‘lsa-da, undan yoshroq ba’zi siyosatchilarga nisbatan sezilarli darajada shijoatli ko‘rinadi. Uning minbar va kameralar qarshisida o‘tgan muddatining ilk yili Trampning o‘zi uchun anchayin muvaffaqiyatli keldi, bir qancha mo‘rt tinchlik sulhlari ortidan erishilgan “Tinchlik o‘rnatuvchisi” taxallusi va ko‘kragini to‘ldirgan faxriy medallar uning shaxsiy kolleksiyasini kengaytirgani aniq. Qaysidir ma’noda 2025 yil – “Tramp yili” bo‘ldi deyish mumkin. Har xolda, butun yil davomida yangiliklardan uning ismi tushmadi, surati, ismi yoki familyasi qatnashgan video, maqola yoki xabarning talabgori ko‘p, oshig‘i olcha bo‘ldi. Shu sabab ham uning mukofotlari sonini yana bittaga ko‘paytirib, unga “Yil klikbeyti” norasmiy unvonini berish ham xato bo‘lmaydi.

Ichkaridagi e’tirozlar

Kamola Harris ustidan kichik farq bilan qozonilgan 2024 yilgi g‘alaba o‘z navbatida AQSH fuqarolari orasida Tramp va Respublikachilar taklif qilayotgan siyosiy yo‘lni yoqlovchilar ko‘p ekanidan dalolatdir. Birinchi muddatidayoq o‘zining ustuvor maqsadlari va siyosat yuritish texnologiyasi bilan ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan Donald Trampning ikkinchi marta hokimiyatga kelishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Tramp kabi g‘alati shaxsiyatga ega insonning qayta hokimiyatga kelishiga sabablar o‘rganilar ekan, ko‘plab mutaxassislar aslida Jo Bayden davridagi olib borilgan, AQSHga unchalik ham xos bo‘lmagan passiv siyosat va buning oqibatida yuzaga kelgan inflyatsiya va migratsiya muammolari, xalqaro maydondagi obro‘sizlanish demokratlarga bo‘lgan ishonchni mamlakat fuqarolari orasida keskin tushib ketishiga olib kelgani hamda Kamola Harris ushbu muamolarga ishonchli yechimlar taqdim etolmagani ko‘rsatadi.

Birinchi muddati tugagandan boshlab hanuzgacha AQSH va dunyoning barcha muammolariga yagona sababchi sifatida Baydenni ayblab kelayotgan Tramp 2025 yil 20 yanvardagi inaugratsiyasi kunida ulkan o‘zgarishlarni boshladi va bir hafta ichida 37 ta farmon va 5 ta qarorni imzolab, keng doiralarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. “MAGA” nomi bilan tanilgan “Amerikani qayta buyuk qilish” shiori ichki siyosatdagi asosiy yo‘nalishni belgilab berdi va yil yakuni arafasida olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Trampning bir yil davomida imzolagan farmonlari soni ba’zi AQSH rahbarlarining butun vakolati davomida tasdiqlagan farmonlaridan ko‘proq, ya’ni 220 tadan ortiq ekani ma’lum bo‘di. Rekordlarni yangilashni, omma e’tiborida bo‘lishni xushlovchi Donald Tramp bu ko‘rsatkichlari bilan ham so‘ngi 80 yildagi AQSH prezidentlarining rekordlarini zabt etdi. Ko‘plab doiralarda bu ko‘rsatkichlar asosiy huquq tizimi shakllanib bo‘lgan, shundoq ham qonunlari yaxshi ishlaydigan mamlakat uchun nihoyatda ko‘p ekani aytilmoqda.

AQSH saylovlarida g‘alaba qozonish uchun puxta saylovoldi rejasini tuzishdan, kuchli siyosiy nutq qilishdan va debatlarda uddaburon javoblarni berishdan tashqari, boy va ta’sirli homiy ham zarur. 2024 yil noyabrdagi saylovlarda Tramp ortida turgan shaxs esa keragidan ortiq puldor va mashhur Ilon Mask edi. Millionlab dollarlar xarajat qilgan Mask Tramp vakolatini boshlagach o‘z talablari bilan chiqishi tabiiy edi va bu voqea rasmiy muddatning dastlabki kunidayoq amalga oshdi. 20 yanvar kuni e’lon qilingan farmonga ko‘ra, AQSH uchun mutlaqo begona bo‘lgan yangi idora, “Hukumat samaradorligi departamenti” (DOGE) tuzildi va unga milliarder biznesmen Ilon Mask rahbar etib tayinlandi. Departamentning asosiy vazifasi sifatida federal hukumat xarajatlarini kamaytirish va samaradorligini oshirish hamda shu masalada Prezidentga maslahat berish yuklatildi. Mazkur idora boshqalaridan anchayin farq qilib, vaqtinchalik ish yuritishi 2026 yil 4 iyul kuni tugatilishi belgilab qo‘yilgan edi, biroq barcha biznesmenlar ham muvaffaqiyatli siyosatchi bo‘lolmagani kabi Mask ham bir qancha muddatdan so‘ng o‘zining “kresloli” lavozimidan voz kechadi. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp va Mask o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgani tufayli milliarder o‘z xohishi bilan siyosatdan ketgan. Boshsiz qolgan departament esa ko‘p yashamadi va noyabrda butkul tarqatib yuborildi.

Qisqa muddat davomida Tramp noodatiy qarorlari bilan yilning eng ko‘p muhokamadagi insoniga aylandi. Uning Ta’lim vazirligini tugatish, Meksika chegarasida yangi devor qurish, Kanadadan kirib keluvchi giyohvand moddalarning oqimini to‘xtatish uchun joriy qilingan bojlar yoki butun dunyoga nisbatan e’lon qilingan oshirilgan tarif islohotlari chinakamiga bahs markazida bo‘lgan mavzular bo‘ldi. Yaxshiyamki, Kongress Trampning barcha qarorlarini ham tasdiqlayvermaydi. Siyosiy doiralarda “ahmoqona” deb topilgan ko‘plab qarorlarning ijrosi Kongress tomonidan to‘xtatib qolindi.

Bu yerda Donald Tramp davrida qabul qilingan eng muhim farmonlarni sanab o‘tamiz:

  • “Ayollarni gender mafkurasi ekstremizmidan himoya qilish va federal hukumatga biologik standartni tiklash”.
  • “Qo‘shma Shtatlar va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo kelishuviga muvofiq o‘zaro tarif stavkalarini o‘zgartirish”.
  • “Shimoliy chegara orqali noqonuniy giyohvand moddalar oqimini bartaraf etish bo‘yicha majburiyatlarni yuklash”.
  • “Yadro sanoat bazasini qayta tiklash”.
  • “Energetika departamentida yadro reaktori sinovlarini isloh qilish”.
  • “Milliy xavfsizlik uchun ilg‘or yadroviy reaktor texnologiyalarini qo‘llash”.
  • “Ota-onalar, shtatlar va jamoalarga imkoniyatlar yaratish orqali ta’lim natijalarini yaxshilash”.

Tramp ma’muriyatining dastlabki davrida chiqarilgan farmonlarning hammasi ham iliq qabul qilindi, deb bo‘lmaydi. AQSH bo‘ylab boshlangan “No kings” namoyishlari ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Joriy yilning iyun oyida AQSHning turli shtatlaridagi ko‘plab mahalliy aholi “Qirollarga yo‘q” shiori ostida namoyishlarga chiqdi. Dastlab, Trampning tavallud ayyomi va AQSH armiyasining 250 yilligi arafasida 14 iyun kuni boshlangan chiqishlar Tramp ma’muriyatini avtoritarlikka og‘ishda aybladi va bu noroziliklar xalqaro “Diktatorlarga yo‘q” seriali chiqishlariga ulanib ketdi. Hukumat tomonidan qattiq harbiy choralar ko‘rilmagan bo‘lsa-da, tarqatib yuborilgan omma oktyabrda qayta harakatlarni boshladi. Trampning esa bunga munosabati jiddiy emas va u o‘zining xalq xizmatchisi ekanini, namoyishlar esa oppozitsiyaning spektakli ekanini takrorlab keladi.

“Men u odamlarni ko‘rdim. Ular bu mamlakatning chinakam vakillari emas va men pul uchun qilingan barcha yangi plakatlarga ham e’tibor berdim. Menimcha, bu Soros va boshqa radikal so‘lchi ahmoqlar tomonidan moliyalashtirilgan… Bir qarashda hammasi e’tiborga molik ko‘rinadi. Ammo namoyishlar o‘ta kichik va zaif. Ularning yuzlariga qarasangiz ular bu mamlakat xalqining asl yuzini ifodalamasligini ko‘rishinggiz mumkin”, deydi Prezident Tramp.

Ammo namoyishlar u aytganchalik zaif emasligi ko‘rinib turibdi. Faqatgina ochiqlangan hisobotlarning o‘zida ham AQSH bo‘ylab 2100 ta namoyish bo‘lib o‘tgani, ularda 4 milliondan ortiq aholi qatnashgani aytilgan. AQSH rasmiylari qanchalik ichki e’tirozlarni yashirishga urinmasin zamonaviy texnologiyalar orqali ma’lumotlar tarqalishda davom etmoqda.

Tashqaridagi to‘polonlar

Shubhasiz, 2025 yilda xalqaro munosabatlardagi eng faol o‘yinchi Donald Tramp bo‘ldi. (Agar siyosat futbol bo‘lganda Tramp “Man of the Match” mukofotini ham olardi) Uning tashqi siyosatining ustuvor maqsadlari proteksionizm – mamlakat iqtisodiyotini chet el bosimlaridan himoyalash va saylovoldi va’da qilingan tinchlik bitimlariga erishishga qaratildi. Bundan tashqari, noqonuniy migratsiyaga va mamlakatga kirib kelayotgan konrtabanda mahsulotlari, xususan, narkotik moddalarga qarshi kurashish ham kun tartibining asosiy bandlaridan biri bo‘ldi.

Shu yilning 1 fevralida Kanada va Meksikaga qarshi boshlangan savdo urushi natijasida joriy qilingan yangi oshirilgan boj siyosati avvaliga Xitoyga, keyinchalik butun dunyo mamlakatlariga nisbatan 10-41% oralig‘idagi tariflarning e’lon qilinishi bilan davom etdi. 31 iyul kuni dunyoning deyarli barcha mamlakatlari tovarlariga nisbatan e’lon qilingan yangi boj stavkalari Trampgacha bo‘lganlaridan o‘rtacha hisobda 10 barobar oshirilgan bo‘lib, ko‘plab davlatlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. AQSH rasmiylari esa ushbu siyosatdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat ichkarisidagi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlash, ishsizlikni kamaytirish, kichik biznes loyihalarini yaratishni rag‘batlantirish va bozordagi narxlarni maqbullashtirish kabi sabablarni ro‘kach qildi. Ushbu fonda yuzaga kelgan Xitoy bilan konfliktlarda ham AQSH o‘z pozitsiyasida mustahkam qoldi, ammo yangi raqibiga nisbatan 100 foizlik boj joriy qilish fikridan qaytishga majbur bo‘ldi. Garchi AQSHning qudratli savdo hamkorlari joriy qilinayotgan yangi tizimga keskin qarshilik bildirgan bo‘lsa-da, 7 avgustdan ushbu tariflar kuchga kirdi. AQSH qarorlari uchun hisob bermaydi.

2025 yilni “Tramp yili” bo‘lishiga asosiy sabablardan yana biri – u boshchiligida o‘rnatilgan bir qancha aldamchi tinchlik sulhlari desak bo‘ladi. Hokimiyatga kelishidan oldin dunyoga tinchlikni qaytarish va’dasini bergan Tramp ushbu yilda bir qancha tinchlik bitimlarini imzolashda ishtirok etdi. Quyida uning ishtirokida va qisman bo‘lsa-da ta’sirida imzolangan tinchlik kelishuvlari ro‘yxati bilan tanishing:

  • 27 iyun – Kongo–Ruanda tinchlik bitimi;
  • 8 avgust – Armaniston–Ozarbayjon kelishuvi;
  • 10 oktyabr – Isroil–HAMAS sulhi;
  • 26 oktyabr – Tailand va Kamboja.

Ammo ro‘yxatdagi deyarli barcha mojarolarda harbiy harakatlar qayta boshlangan. Bunda ba’zi manbalar Tramp siyosatini muammolarga aniq yechim taklif qilmasdan, demagoglikda, ya’ni, manipulyatsiya yordamida qiyin muammolarga sodda yechim berishda ayblaydi. Ko‘plab siyosiy tahlilchilar fikricha, Armaniston va Ozarbayjon muammosi Trampgacha ham deyarli hal bo‘lgan. Ular Trampni “tayyor oshga xo‘randa” bo‘lganini ta’kidlashadi. Bu fikrlardan Trampning “Tinchlik keltiruvchi” norasmiy unvoniga ham shubhalar paydo bo‘lishi tabiiy.

Tramp bergan eng muhim va o‘sha vaqt uchun ham ishonib bo‘lmas hisoblangan va’da bu – Rossiya va Ukraina urushini 24 soatda tugatishi edi. Hokimiyat tepasiga kelgan kunidan bugungacha mana qancha 24 soatlar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, urush hanuz o‘z rangi-ro‘yini o‘zgartirmagan holda davom etmoqda. Bir necha bor o‘rtada murosaga kelishga harakat bo‘lganiga qaramay, munosabatlar avvalgi keskinligini yo‘qotgani yo‘q. Yil davomida Trampning ushbu mojaroga nisbatan pozitsiyasi ham ochiqlandi. Ukrainani qurbon qilib bo‘lsa-da tinchlikka erishishga bo‘lgan urinish o‘zini oqlamadi. Yevropani himoyalab turgan Ukrainani G‘arb davlatlari tomonidan qo‘llanishi va Rossiyaning “yeb to‘ymas oshqozoni” o‘rtada kelishuv bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi. Putinning sulhga xohishi yo‘qligi va tobora tahqirlovchi bo‘lib borayotgan shartlar fonida ikki eski “qadrdonlar” o‘rtasida chinakam yadroviy xuruj darajasidagi taranglik yuzaga keldi. Yil oxiriga kelib esa shu ma’lum bo‘ldiki, Tramp 1 kunda erishmoqchi bo‘lgan sulhga 1 yilda ham yetolmadi.

Bundan tashqari, “tinchlikparvarning” ushbu yilda Yaqin Sharqdagi “xushtori”, Isroilning yonini olib Eronga qilgan hujumlari ham yilning eng shov-shuvlarga boy voqealaridan biri bo‘ldi. Eron Islom Respublikasining MAGATE bilan munosabatlari yomonlashuvi ortidan vujudga kelgan, “Eron yadroviy qurol dasturini davom ettiryapti”, mazmunidagi shubhalar Isroil razvedkasi – Mossadning Xomanaiy boshchiligidagi hukumat a’zolari va mamlakatning nomdor olimlariga nisbatan suiqasd uyushtirishiga bahona bo‘ldi. Oqibatda dunyo tarixga “12 kunlik urush” (13-24 iyun) nomi bilan kirgan yilning eng keskin mintaqaviy mojarosiga guvoh bo‘ldi. Urushning hal qiluvchi nuqtasi 21 iyunda Tramp buyrig‘i bilan Eron hududidagi 3 ta yadroviy boyitish ob’ektlari: Fordov, Natanz va Isfahon bombordimon qilindi. Garchi hujum oldidan boyitilgan uranning olib chiqib ketilgani haqida mish-mishlar rost bo‘lgan taqdirda ham, Eron iqtisodiyoti sezilarli silkinishga duchor bo‘ldi, mamlakat qimmat texnologiyalar va ko‘plab ilm namoyondalarini yo‘qotdi. 24 iyunda bosimlar tufayligina sulhga ko‘ngan Xomanaiy ma’muriyati hali qasos olish kayfiyatidan to‘la qaytgan emas va bu kelajakda ushbu mavzuga hali yana qaytilishiga belgi.

Amerikaning eski davrlardagi qudratini qo‘msovchi retrospektiv Tramp AQSHni yana bir paytlardagidek G‘arbiy yarimshar politsiyachisi roliga qaytarmoqchi ko‘rinadi. Janubdan noqonuniy narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashish bahonasida Lotin Amerikasi mamlakatlariga boshlangan zo‘ravon munosabat yil oxiriga kelib Maduro boshchiligidagi Venesueala ma’muriyatiga nisbatan chinakam klassik qurolli tahdid shakliga aylanib ulgurdi. Narkokortel va avtoritar hokimiyatga qarshi harakatlar niqobida Venesuelaning yirik neft va oltin zahiralarini egallashga urinish Trampning eskicha “neftomaniya” qarashlariga sodiqligini ko‘rsatib berdi. Hozirda Madurodan zudlik bilan lavozimni tark etishni talab qilayotgan Tramp ma’muriyati Venesuela osmonini ham, dengiz yo‘llarini ham va hatto ichkaridagi muxolifatni ham qo‘lga olib turibdi. Joriy yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Mariya Machado ham garchi Vashingtonning asl niyatini anglab turgan bo‘lsada AQSH harakatlarini ochiqchasiga qo‘llamoqda.

Albatta, Trampning harakatlari mukofotsiz qolmadi. Garchi Nobelga “tishi o‘tmagan” bo‘lsada, u yil davomida ancha-mucha mukofotlarni yig‘ib oldi. Koreyadan tortib, futbol federatsyalarigacha hamma unga turli sovrinlar taqdim etdi. Quyida 2025 yilda qo‘lga kiritgan asosiy mukofotlar va faxriy unvonlarni keltirib o‘tsak:

  • 15 may – Birlashgan Arab Amirliklarining faxriy fuqarolik Zayd ordeni
  • 13 oktyabr – Isroilning "Isroil prezidentining faxriy ordeni"
  • 13 oktyabr – Misrning faxriy “Nil ordeni”
  • 22 oktyabr – Richard Nikson jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Tinchlik me’mori” mukofoti
  • 29 oktyabr – Janubiy Koreyaning “Oliy Mugunhva orderni” va “Cheonmachong” tojining nusxasi
  • 5 dekabr – FIFA’ning yangi “FIFA Tinchlik mukofoti – futbol dunyoni birlashtiradi”

Hali yil to‘laqonli nihoyasiga yetgani yo‘q va qisqa vaqt ichida Tramp yana biror bir sovringa ega chiqishi mumkin.

Umumiy kartinada Trampning tashqi siyosati faqatgina bir sohaga bog‘lanib qolmagan, aksincha bir paytning o‘zida ko‘plab “frontlarda jang qilmoqda”. Balki aynan shu uchun ham hali Tramp boshini tutgan biror bir ish oxirigacha bitkazilgani yo‘qdir. Nima bo‘lganda ham hali bu boshlanishi edi, oldinda Trampning yana 3 yili bor, bizda esa shov-shuvli “to‘polonlar”ga boy 3 yil kutmoqda.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, 2025 yil siyosiy maydonda yangi yuzlar va muhim voqealar bilan o‘tganiga qaramay, “Donald Tramp yili” bo‘ldi deyish mumkin. Negaki o‘sha yangi yuzlar ham, muhim voqealar ham Donald Tramp bilan qaysidir masalada chambarchas bog‘liq edi. Shu tufayli ham yil davomida og‘izlardan tushmagan Tramp fenomeniga “Yil klikbeyti” nomini berish o‘rinli bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Jo Bayden Ilon Mask Kamola Harris Tramp yili Donal'd Jon Tramp Tinchlik o'rnatuvchisi MAGA “No kings” tinchlikparvarning

Baholaganlar

0

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing