Fors ko‘rfazi osmoni yana ochilmoqda

Olam

image

Bugun, 2 mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabidan ayrim xalqaro reyslar qayta yo‘lga qo‘yildi. Samolyotlar Londonning Xitrou aeroporti, Parijning Sharl-de-Goll aeroporti, shuningdek, Amsterdam va Moskva yo‘nalishlariga uchib ketgan. Bu haqda Flightradar24 ma’lumotlariga tayanib, “Euronews” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Londonga yo‘nalgan EY67 reysi mahalliy vaqt bilan 14:39 da Zayd xalqaro aeroportidan parvoz qilib, kuzatuv platformasida eng ko‘p tomosha qilingan reysga aylangan.

Bungacha aviakompaniya ijtimoiy tarmoqlarda Abu-Dabi orqali barcha parvozlar ertaga, 3 mart kuni soat 14:00 gacha to‘xtatilishini ma’lum qilgan. Aeroport manbasiga ko‘ra, hozircha Mumbay, Karachi, Dehli va Qohira kabi yo‘nalishlar bo‘yicha operatsiyalar bosqichma-bosqich qayta tiklanmoqda. Yo‘lovchilarga aeroportga yo‘l olishdan oldin aviakompaniyalar bilan bog‘lanish tavsiya etilmoqda.

Havodagi boshqa reyslar orasida Moskva, Amsterdam, Parij, Mumbay, Islomobod, Dehli, Ar-Riyod va Jidda yo‘nalishlari bor. Yevropa reyslari Ummon orqali aylanma yo‘lni tanlab, keyin Saudiya Arabistoni havo hududiga kirmoqda. Ushbu ikki davlat osmoni yopilmagan, ammo Dubay, Doha va Kuvaytga qatnovchi ayrim reyslar bekor qilingan.

Mintaqadagi keskinlik sabab bir qator davlatlar havo hududini yopgan edi. Qatar, Bahrayn va Kuvayt osmoni vaqtincha yopilgani tufayli minglab yo‘lovchilar sarson bo‘lgan. Qirollik Dubayga va Dubaydan barcha reyslarni 3 mart kuni soat 15:00 gacha to‘xtatgan.

Turkish Airlines, Air France, KLM, British Airways va Finnair kabi aviakompaniyalar mintaqadagi ayrim yo‘nalishlarni bekor qilgan yoki qayta rejalashtirgan. Saudiya Arabistoni havo hududi ochiq qolmoqda, biroq ayrim tashuvchilar ehtiyotkorlik nuqtai nazaridan parvozlarni qisqartirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron havo hududidan foydalanishga joriy etilgan cheklovlar munosabati bilan “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro aviatsiyasi agentligi bilan hamkorlikda ayrim xalqaro reyslar jadvaliga o‘zgarishlar kiritayotgani aytilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Samolyotlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing