Trampga amerikaliklarning qanchasi ishonadi?
Olam
−
02 mart 7554 2 daqiqa
AQSHning Eronga qarshi boshlagan harbiy amaliyoti ichki maydonda kutilganday yakdil qo‘llab-quvvatlovga ega emas. So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning atigi 27 foizi zarbalarni ma’qullagan. 43 foiz ochiq qarshi chiqqan, qariyb uchdan biri esa aniq pozitsiya bildirmagan. Ya’ni jamiyat ikkilanmoqda, bu esa Vashington uchun jiddiy siyosiy signal. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
So‘rov natijalari yana bir tendensiyani ochib bergan: javob berganlarning 56 foizi Prezident Donald Tramp tashqi siyosatda harbiy kuchdan foydalanishga haddan tashqari moyil, deb hisoblaydi. Demokratlar orasida bu ko‘rsatkich 87 foizga yetgan bo‘lsa, hatto respublikachilarning 23 foizi ham shunday fikrda. Bu raqamlar partiyalararo chegaralardan tashqari xavotir borligini ko‘rsatadi.
Eng nozik nuqta — qurbonlar masalasi. So‘rovda ishtirok etgan respublikachilarning 42 foizi agar Yaqin Sharqda amerikalik harbiylar halok bo‘lsa yoki yaralansa, bu kampaniyani qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan. Neft narxining oshishi ham jamoatchilik munosabatiga ta’sir qiladi: ishtirokchilarning 45 foizi yoqilg‘i qimmatlasa, pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishini aytgan. Demak, frontdagi emas, yoqilg‘i quyish shahobchalaridagi vaziyat ham siyosiy kayfiyatni belgilaydi.
Zarbalar AQSH va Isroilning qo‘shma amaliyoti sifatida boshlangan. Vashington Erondan uran boyitishdan to‘liq voz kechishni talab qilmoqda, Tehron esa yadroviy dastur tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlamoqda. Biroq muzokaralar to‘xtagan pallada harbiy yo‘l tanlangan. Endi esa ichki maydonda ushbu savol o‘rtaga chiqmoqda: bu qaror strategik zaruratmi yoki siyosiy tavakkal?
Prezidentning umumiy reytingi 39 foizga tushgani ham fonni yanada murakkablashtiradi. Oldinda Kongress saylovlari turibdi, saylovchilarning asosiy tashvishi esa iqtisod. Demak, tashqi frontdagi har bir harakat ichki siyosiy natijaga aylanishi mumkin.
Live
Barchasi