G‘azoda 40 mingdan ortiq bola emlanadi
Olam
−
21 noyabr 1032 1 daqiqa
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) G‘azo sektorida sulh davridan foydalanib, 40 mingdan ziyod bolani turli kasalliklarga qarshi emlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda tashkilot xabar berdi.
Qayd etilishicha, JSST va uning hamkorlari 9 noyabr kuni boshlangan vaksinatsiyaning dastlabki 8 kunida allaqachon uch yoshgacha bo‘lgan 10 mingdan ortiq bolani emlagan.
JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, 22 noyabrga qadar bolalar qizamiq, tepki, qizilcha, difteriya, qoqshol, ko‘kyo‘tal, gepatit B, sil, poliomiyelit, rotavirus va zotiljam (pnevmoniya) kabi kasalliklarga qarshi emlanadi.
UNICEF, BMTning Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA) va G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan kampaniyaning ikkinchi va uchinchi bosqichlari dekabr va yanvar oylariga rejalashtirilgan.
JSST rahbari sulhning davom etayotgani xalqaro tashkilotlarga G‘azoda muhim sog‘liqni saqlash xizmatlarini kuchaytirishga, shuningdek, vayron bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimini qayta jihozlash va tiklashga yordam berayotganidan mamnunligini bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, BMT Xavfsizlik Kengashi 17 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo borasidagi rejasini ma’qullab, rezolyutsiya qabul qilgan edi. Ushbu reja Isroil va HAMAS o‘rtasida 10 oktyabrda G‘azo sektorida otashkesim o‘rnatilishiga yordam bergandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH G‘azo uchun 2 yillik xalqaro kuch mandatini talab qilmoqchi ekani xabar qilingandi.
Live
Barchasi