“Grenlandiya – AQSH hududi”. Tramp AQSH Grenlandiyani egallagani aks etgan rasmni e’lon qildi
Olam
−
21 yanvar 4144 2 daqiqa
Grenlandiya – AQSH hududi. Unga 2026 yilda asos solingan. Bu yozuvlar tushurilgan tasvir Oq uyning X’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
E’lon qilingan rasmda Trampning o‘zi, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens hamda Davlat kotibi Marko Rubio aks etgan. Rasmda “Grenlandiya – AQSH hududi. 2026 yilda asos solingan” degan yozuv tushirilgan belgi o‘rnatilgan yer maydoni tasvirlangan. Ushbu belgi yonida Tramp AQSH bayrog‘ini qo‘lida ushlab turgan holda turibdi, uning orqa tomonida esa Vens va Rubio joylashgan.
Qayd etish joiz, Tramp AQSH “milliy xavfsizlik maqsadlarida Grenlandiyaga muhtoj” ekanini va u “qurilayotgan Oltin gumbaz loyihasi uchun hayotiy ahamiyatga ega” ekanini aytgan edi.
AQSH, Daniya va Grenlandiya Tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda uchrashganidan so‘ng asosiy kelishmovchiliklar saqlanib qolayotgani, shuningdek, AQSHning Grenlandiyani “o‘z nazoratiga olish” istagi yaqqol ekani oydinlashgan.
Daniya Qirolligi tarkibidagi avtonom hudud bo‘lgan Grenlandiya avvalroq AQSHning turli takliflarini, jumladan suverenitetni topshirishni nazarda tutuvchi yondashuvlarni qat’iyan rad etgan.
So‘nggi paytlarda Daniya ittifoqchilarini mintaqada harbiy hamkorlikni kuchaytirishga chaqirib kelmoqda. Shu doirada bir qator Yevropa davlatlari Grenlandiyaga kichik harbiy bo‘linmalar va ofitserlarni yuborish niyatini e’lon qilgan.
Bunga javoban Tramp Grenlandiya atrofidagi bahslar fonida jahon tinchligi xavf ostida ekanini bildirgan. AQSH Prezidenti Grenlandiya bo‘yicha AQSH rejalariga qarshi chiqqani uchun Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiyaga nisbatan bojxona soliqlarini joriy etish niyatini e’lon qilgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, 1 fevraldan boshlab ushbu sakkiz Yevropa davlatiga 10 foizlik bojxona boji joriy etiladi, 1 iyundan esa ushbu stavka 25 foizgacha oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevrokomissiya 22 yanvar kuni Grenlandiya atrofida AQSH bilan mojaro bo‘yicha Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti o‘tkazilishini tasdiqlagandi.
Live
Barchasi