Grenlandiya kelajagi kimning qo‘lida?
Tahlil
−
17 yanvar 2523 10 daqiqa
Bir vaqtlar Rossiya Imperiyasidan Alyaskani arzimas chaqalar evaziga sotib olgan AQSH bu gal endi dunyoning eng katta orolini qo‘lga kiritish payida. “Yoki pul, yoki qurol!”, – deya shartlar bilan chiqayotgan Oq uy turli bahonalar bilan Grenlandiyaga bo‘lgan da’volarini asoslashga urinmoqda. NATO ham, Yevropa Ittifoqi ham mushkul ahvolda. Yoki asosiy hamkor bilan ziddiyatga borish, yoki ustuvor sanalgan qonunlarga oyoq qo‘yilishini jimgina kuzatish.
Grenlandiya kimniki?
Bugungi siyosiy xaritaga nazar tashlaganda, ajablanarli paradoksga guvoh bo‘lasiz: aholisi 6 millionga ham yetmaydigan kichik Daniya dunyodagi eng yirik orol – Grenlandiyaga egalik qiladi. Merkator proyeksiyasida deyarli Afrikaga teng bo‘lgan ushbu orol, aslida ko‘ringanidek ulkan bo‘lmasa-da, O‘zbekiston hududidan qariyb 5 barobar katta hisoblanadi. Arktika yo‘llarini nazorat qiluvchi bu qadar strategik muhim hududning Yevropadagi kichik bir davlatga avtonom bo‘lishi bir qarashda mo‘’jizaviy holat.

982 yilda islandiyalik viking (qadimgi Skandinaviya aholisi – tahr.) Erik Qizil (Erik the Red) ismli norveg tadqiqotchisi Grenlandiyaga kelib tushadi va dastlabki Yevropa manzilgohini tashkil qiladi. Orolga hozirgi nomning berilishi haqidagi taxminlarga ko‘ra, Erik odamlarni ushbu yangi hududga jalb qilish uchun “Green” – yashil, “land” – yer, ya’ni “Yashil yer” deb nom beradi. Qo‘llangan PR ish berib, yuzlab kemalarda vikinglar ushbu muzliklarni o‘zlashtirish uchun keladi. Dastlab mustaqil bo‘lgan ushbu hudud, keyinchalik 1261 yildan Norvegiya qirolligiga soliq to‘lashga rozi bo‘ladi. 1397 yilda, Daniya, Shvetsiya va Norvegiya ishtirokida Kalmar ittifoqi tuzilgach, Grenlandiya ham ittifoq yetakchisi bo‘lgan Kopengagen qiroli tomonidan boshqarila boshlandi.
Napoleon urushlari davrida mag‘lub bo‘lgan Daniya Kil shartnomasini imzolashga majbur bo‘ladi. Unga ko‘ra Kopengagen Norvegiyani Shvetsiyaga topshiradi, ammo dengiz ortidagi mulklari Grenlandiya, Islandiya va Farer orollari Daniya ixtiyorida qoladi.
Garchi XV–XVII asrlarda orol bilan aloqalar vaqtincha uzilib qolgan bo‘lsa-da, Daniya-Norvegiya cherkovi bu yerlarni o‘z diniy yurisdiksiyasi (yeparxiyasi) deb hisoblashda davom etgan. 1931 yilda Norvegiya Grenlandiyaning sharqiy qismini o‘ziniki deb e’lon qiladi va Daniya bilan o‘rtada kelishmovchilik yuzaga keladi. Bu nizo Gaagadagi Xalqaro (adliya) sud(i) tomonidan 1933 yil Daniya foydasiga uzil-kesil hal qilinadi.
Grenlandiyaning Daniyaga tegishli bo‘lishi uzoq tarixiy konstrukt va to‘laqonli xalqaro huquq normalari evazigadir.
Grenlandiya AQSHga kerak
Tarixga yuzlansak, AQSH prezidentlarining Grenlandiyaga bo‘lgan qiziqishlari yangilik emas. Bu g‘oyaning tug‘ilganiga 150 yildan oshdi va turli prezidentlar davrida kun tartibiga tez-tez qaytib turadi.
1867 yilda AQSH tomonidan Alyaskaning 7,2 million dollarga sotib olinishi, Oq uydagi ba’zi (yebto‘ymas) siyosatchilarning ishtahasini ochib yubordi. Shu jumladan, o‘sha vaqtdagi davlat kotibi Uilyam Genri Syuardda ham Grenlandiya va Islandiyaga nisbatan qiziqishlar paydo bo‘la boshladi. Syuard “Shimoliy yo‘nalish” strategiyasini ilgari surgan. Uning fikricha, AQSH Shimoliy Amerikaning butun yuqori qismini, Kanada, Alyaska, Grenlandiya va Islandiyani nazorat qilishi kerak edi. Bu bilan u Britaniya imperiyasini mintaqadan siqib chiqarish va AQSHni dunyo savdosining markaziga aylantirishni ko‘zlagandi. Ammo o‘sha vatda AQSH Kongressi uni qo‘llab-quvvatlamadi.
Garchi Kongress Syuard qarashlarini yoqlamagan bo‘lsa-da, o‘sha vaqtdagi prezident Endryu Jonson Grenlandiya masalasiga qiziqib qoladi. Daniya hukumatiga yo‘llangan norasmiy sotuv taklifi va Grenlandiya tabiiy boyliklarini o‘rganish uchun yuborilgan maxsus guruh uning siyosiy inqiroziga sabab bo‘ladi. Natijada AQSHdagi ichki siyosiy inqiroz, prezident Jonsonning impichmenti va Kongressning qarshiligi tufayli reja to‘xtab qoladi.
AQSH tarixida Grenlandiya masalasiga alohida jiddiy e’tibor bergan prezident Garri Truman hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Arktikaning SSSRga qarshi mudofaadagi ahamiyati keskin oshgan edi.

1946 yilda Truman Grenlandiya uchun 100 million dollar (oltin bilan) taklif qilgan. Muzokaralar maxfiy tarzda olib borilgan. Garchi dastlab Daniya bu taklifni butunlay rad etgan bo‘lsa-da, 1951 yilga kelib AQSHning Tule nomli harbiy ba’zasini orolda saqlashga ruxsat beradi.
Eski an’analarni suyuvchi Donald Tramp ham hokimiyatga birinchi kelganidayoq Grenlandiya masalasini kun tartibiga qaytargan edi. 2019 yilda Trampning Grenlandiyani sotib olish niyati borligi haqidagi gaplari xalqaro OAVda keng shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. U 18 avgustdagi intervyusida Grenlandiya Daniya uchun og‘ir yuk bo‘layotgani va bu hudud AQSH uchun o‘ta muhimligini aytgan. “Konseptual jihatdan bu Daniya uchun juda ko‘p zarar keltirmoqda, chunki ular har yili qariyb 700 million dollar subsidiya to‘laydi. AQSH uchun esa bu strategik jihatdan juda yaxshi bo‘lar edi”, – deydi Tramp.
Trampning ushbu da’vosidan so‘ng Daniya hukumati bilan Vashington o‘rtasida sovuq munosabatlar boshlandi. Daniya hukumati uning bu niyatini “absurd” deb ataydi.
2025 yilda ikkinchi marta hokimiyatga kelgan Donald Tramp o‘zining eski niyatidan voz kechmadi. Joriy yilning 4 yanvar kuni Tramp Air Force One samolyoti bortida, jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida, Grenlandiyani sotib olish yoki anneksiya qilish qarorini yana bir bor o‘rtaga tashladi.
“Grenlandiya bizga milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kerak. U juda strategik hudud. Hozir u yerda Rossiya va Xitoy kemalari to‘lib yotibdi. Grenlandiya – milliy xavfsizlik masalasi. Daniya Grenlandiyani himoya qila olmaydi. Ular yaqinda xavfsizlikni kuchaytirdik deb, atigi bitta qo‘shimcha itli chana qo‘shishdi. Bu kulgili”, – deydi Tramp jurnalistlarga.
Garchi Daniya ma’murlari ushbu da’volarni jiddiy rad etib kelayotgan bo‘lsa-da, Vashington Xitoy va Rossiyadan strategik himoyalanish hamda tarixiy egalikni takrorlashdan charchamayapti. Hatto, Trampning Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchisi Jeff Lendri Daniyani dunyodagi eng katta orolni bosib olganlikda ayblamoqda.
“Tarix muhim. AQSH Ikkinchi jahon urushi davrida, Daniya bunga qodir bo‘lmagan paytda Grenlandiya suverenitetini himoya qilgan. Urushdan so‘ng esa Daniya BMT protokollarini chetlab o‘tib va e’tiborsiz qoldirib, uni qayta okkupatsiya qildi. Bu masalada dushmanlik emas, balki mehmondo‘stlik haqida gap bo‘lishi kerak”, – deydi Lendri.

Tarixga to‘la tayanadigan bo‘lsak, amaldagi chegaralarni butunlay o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy dunyoda xalqaro huquq normalarini buzib, faqat o‘tmishga tayanib ish qilish dunyodagi tartibni izdan chiqaradi.
Grenlandiyani Vashingtondan himoyalash
Tramp siyosatining o‘zgachaligi shundaki, u barcha diplomatik pardalarni chetga surgan holda, ochiqchasiga “Grenlandiyani bizga sotinglar, yo‘qsa hujum qilamiz”, demoqda. Uning Grenlandiyani ijaraga olish emas, xavfsizlik masalasida butunlay egalik qilish to‘g‘risidagi da’volari dunyo siyosiy doiralarida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu so‘zlar XXI asr geosiyosatidagi eng xavfli tendensiyalardan biri – kuchli davlatning o‘z xavfsizligini ro‘kach qilgan holda boshqa suveren hududlarga da’vo qilishi normal holatga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
AQSH ma’murlarining tinimsiz Grenlandiyaga luqma tashlashi Daniya hukumatining ham sabr kosasini to‘ldirmoqda. Donald Trampning 4 yanvar kuni bergan intervyusidan keyin Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen keskin bayonot berib, buni “xomxayol” deb aytdi.
“Boshqa bosim bo‘lmasin. Boshqa shama va kinoyalar bo‘lmasin. Anneksiya haqidagi xomxayollarga chek qo‘yilsin. Biz muloqotga tayyormiz. Biz muhokamalarga tayyormiz. Lekin, bu to‘g‘ri yo‘llar orqali va xalqaro huquqni hurmat qilgan holda amalga oshirilishi kerak”, – deydi Grenlandiya Bosh vaziri.

AQSHdek dunyoning eng qudratli armiyasiga ega davlat Daniyaga bunday jiddiy talablar bilan chiqar ekan, shubhasiz unga qo‘llov zarur. NATO ga ham, Yevropa ittifoqiga (YeI) ham to‘laqonli a’zo bo‘lgan Kopengagen qaysidir ma’noda Tramp ma’muriyatiga munosib qarshilik bildira oladigan kuchga ega. Ammo zo‘ravon AQSH bo‘lganda har ikki tashkilot ham sukut saqlamoqda.
Nazariy jihatdan, 450 million aholiga ega bo‘lgan Yevropa Ittifoqi AQSH ustidan sezilarli iqtisodiy ta’sirga ega va mintaqadagi AQSH harbiy bazalarini yopishdan tortib, Yevropaning AQSH davlat obligatsiyalarini sotib olishini taqiqlashgacha bo‘lgan javob choralari bilan tahdid qilishi mumkin. Biroq, real vaziyatga yuzlanadigan bo‘lsak, mamlakatlar orasida AQSHning zo‘ravon harakatlariga nisbatan yakdillikning yo‘qligi, energetik bog‘liqliqlik va harbiy sohani to‘laqonli NATO ga topshirilgani YeIni Tramp siyosatiga jiddiy qarshi chiqib, amaliy chora ko‘ra olmayotganlikka olib kelmoqda.
“Financial Times” nashriga intervyu bergan qator yevropalik amaldorlar, NATO bosh kotibi – Mark Ryuttening jimligidan norozi ekanliklarini yashirishmadi. Ularning fikricha, aynan Ryutte Yevropa nomidan Tramp bilan muloqot qila oladigan va uning keskin rejalarini tiyib tura oladigan figura bo‘lishi kerak edi. Agar NATOning to‘laqonli a’zosi bo‘lgan Daniya tarkibidagi Grenlandiyaga nisbatan AQSHning amaldagi rahbari tomonidan hududiy da’vo ilgari surilsa-yu, alyans bunga munosabat bildirmasa, bu xalqaro munosabatlardagi o‘yin qoidalari o‘zgarganini anglatadi. Bu Yevropa elitasida, agar AQSH xalqaro huquqni ochiqchasiga inkor etsa va NATO bunga ko‘z yumsa, demak, kuchli davlatlar uchun jazosizlik muhiti yaratildi, degan haqli xavotirni uyg‘otmoqda.
Ko‘plab tanqid va noroziliklardan so‘ng NATO va Yevropa faollarining AQSHga qo‘shin jo‘natayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar paydo bo‘la boshladi. NATO bayrog‘i ostida birlashgan Germaniya, Shvetsiya va Norvegiya qo‘shinlari Grenlandiya tomon yo‘l olgan. Xabarga ko‘ra, harbiy xizmatchilar 15-17 yanvarda yetib boradi. Missiyaning asosiy maqsadi mintaqada xavfsizlikni ta’minlash yo‘llarini o‘rganish. Garchi yuborilayotgan harbiylar soni barmoq bilan sanarli bo‘lsa-da, Yevropa tomonidan bunday harakatlarning boshlangani ham katta qadam aslida.
Vaziyatdagi yana bir muhim jihat bu – Grenlandiyaning avtonom ekanligi. Garchi Daniyaning rasmiy hududiga kirsa-da, ushbu orol o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega. Shu o‘rinda orolning kelgusidagi taqdirini hal qilish mahalliy aholiga topshirilyapti. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniya yetakchilari bu haqda qo‘shma bayonot bilan chiqib, AQSHga qarshi ekanligini bildirishdi.
“Grenlandiya uning xalqiga tegishli. Daniya va Grenlandiya o‘rtasidagi munosabatlarga oid qarorlarni faqat shu ikki tomon qabul qilishi mumkin”, – deyiladi ushbu bayonotda.
Grenlandiya parlamentining besh siyosiy partiyasi ham AQSHning hurmatsiz munosabatiga chek qo‘yishni talab qilib, qo‘shma bayonot e’lon qildi.
“Biz amerikalik bo‘lishni istamaymiz, biz daniyalik bo‘lishni istamaymiz, biz grenlandiyalik bo‘lishni istaymiz”, – deyiladi bayonotda.
Siyosatchilar Grenlandiyaning kelajagini faqat uning fuqarolari belgilashi kerakligini, tashqi aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan. Shuningdek, Grenlandiya AQSH va boshqa G‘arb davlatlari bilan hamkorlikni davom ettirishni xohlashini ma’lum qilgan.

Shu o‘rinda, Rossiyaning sobiq prezidenti va hozirda Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham murojaat bilan chiqib, AQSH Prezidenti Donald Trampni Grenlandiya masalasida shoshilishga chaqirdi. Uning fikricha, Tramp agar shoshilmasa, grenlandiyaliklar Rossiyaga qo‘shilishni tanlashi mumkin.
“Tramp shoshilishi kerak. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kun ichida Grenlandiyada shoshilinch referendum bo‘lib o‘tishi mumkin, unda Grenlandiyaning barcha 55 ming aholisi Rossiya tarkibiga qo‘shilish uchun ovoz berishi mumkin. Shundan keyin esa – tamom! Bayroqda yangi yulduzlar bo‘lmaydi. Rossiyada esa yangi – 90-federal sub’ekt paydo bo‘ladi”, – deb yozgan Medvedev X’da.
Aslida, Grenlandiya ahlosi o‘z pozitsiyasini allaqachon tanlab bo‘lgan. Bosh vazir Yens-Frederik Nilsen Kopengagenda o‘tkazilgan matbuot anjumanida grenlandiyaliklar Daniyani tanlashini e’lon qildi.
“Grenlandiya AQSHga tegishli bo‘lmaydi. Agar biz shu yerda va hozir AQSH bilan Daniya o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lsak, biz Daniyani tanlaymiz. Biz NATOni tanlaymiz. Biz Daniya Qirolligini tanlaymiz. Biz Yevropa Ittifoqini tanlaymiz”, – degan Nilsen.
Ushbu matbuot anjumanida Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen ham so‘zga chiqib, hudud hech kimga sotilmasligini yana bir bor ta’kidlagan.
“Bizning xabarimiz aniq: Grenlandiya sotilmaydi. Biz bu haqda boshidan e’lon qilganmiz, shuningdek, amerikaliklarga ham boshidan aytganmiz: agar xavfsizlik masalasi bo‘lsa, birga qiladigan va qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p narsalar bor”, – deydi u.
Umuman olganda, Trampning Grenlandiya masalasidagi pozitsiyasi AQSH ichida ham unchalik xushkayfiyat bilan kutib olinmayapti. Venesuela voqealaridan keyin Tramp yuritayotgan siyosatga nisbatan xalq tomonidan ham, rasmiylar tomonidan ham tanqidlar yetarli, hatto, prezidentning impichmenti mavzusi ham tez-tez muhokama mavzusiga qaytmoqda. Shunday ekan, Grenlandiyani anneksiya qilinishi xavfi kam, ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, ushbu vaziyat nafaqat NATO yoki Yevropa Ittifoqidan, balki butun dunyodan ulkan iroda va qat’iyat talab qiladi. Chunki bu orol, ayni damda faqat Daniyaning emas, butun xalqaro huquqning muammosi.