Qoraqalpoq qo‘biz san’ati UNESCO’ning madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi
Jamiyat
−
10 dekabr 784 2 daqiqa
Qoraqalpoq qo‘bizini yasash va unda ijro etish san’ati rasman UNESCO'ning “Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros” ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qaror shu kunlarda Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasi ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.
Qo‘biz san’ati O‘zbekistonning UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros elementlari sonini o‘n oltitaga yetkazdi.
“Bu esa O‘zbekistonning qadimiy sivilizatsiya va boy madaniyatning xalqaro markazlaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqlamoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, qo‘biz qadimgi torli-kamonli musiqa asbobi bo‘lib, turkiy xalqlar, ayniqsa, qoraqalpoqlar, qozoqlar va qirg‘izlar orasida keng tarqalgan. Qoraqalpoq qo‘bizi an’anaviy tarzda yaxlit yog‘ochdan (ko‘pincha tutdan) yasaladi, otning yolidan qilingan ikkita torga ega bo‘lib, chuqur va betakror ohang hosil qiladi.
Jirov – qoraqalpoq dostonchilari va shoirlaridir. Ular qo‘biz jo‘rligida dostonlar va tarixiy rivoyatlar ijro etadi. Jirovchilik an’anasi qoraqalpoq xalqining tarixi, falsafasi va ma’naviy qadriyatlarini yetkazuvchi musiqiy va she’riy san’atning noyob uyg‘unligi hisoblanadi.
Qo‘biz yasovchi ustalar va unda ijro etadigan sozandalar safining kamayib ketayotgani oqibatida ushbu san’at elementining yo‘qolish xavfi mavjud. Shu sababli, uni ro‘yxatga kiritish zarurati paydo bo‘lgan.
Sessiya ishtirokchilari mazkur noyob an’anani kelajak avlodlar uchun saqlab qolish muhimligini alohida ta’kidlagan.
Shuningdek, hukumatlararo qo‘mita sessiyasi davom etmoqda va uning doirasida O‘zbekistonning madaniy merosi ahamiyatini namoyish etuvchi qator tadbirlar rejalashtirilgan.
Xususan, bugun 10 dekabr kuni “Muqaddas merosning qayta tiklanishi: qo‘biz va qoraqalpoq jirovlarining epik an’anasi” mavzusida sayd-ivent bo‘lib o‘tadi. Uning dasturiga taniqli jirovlar Baqbergen Sirimbetov va Davronbek Yendirbekovning jonli ijrosi, qo‘biz va jirovga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi, shuningdek, usta Marat Jaqsimuratov tomonidan qo‘biz musiqa asbobini yasash jarayonining jonli ko‘rgazmasi kiritilgan.
12 dekabr kuni sessiyada qoraqalpoq, qozoq va qirg‘iz o‘tovlarining birgalikdagi nominatsiyasini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Rubob chalish san’ati UNESCO‘ning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgandi.