Qozog‘istonda benzin narxini oshirish taqiqlandi
Olam
−
16 Oktabr 2890 2 daqiqa
Qozog‘istonda benzin va dizel narxini oshirishga moratoriy joriy etildi. Bu haqda bugun, 16 oktyabr kuni Bosh vazirning fuqarolar manfaatlari yo‘lida iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish jarayonini tartibga solish bo‘yicha mamlakat rahbarining topshirig‘i ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishida qaror qabul qilindi.
Shunday qilib, mamlakatda 16 oktyabrdan boshlab inflyatsiya darajasi barqarorlashguniga qadar AI-92 markali benzin va dizel yonilg‘isi narxini oshirishga moratoriy joriy etilgan. Bosh vaziri Oljas Bektenov Energetika vazirligiga, Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi hamda hududlar hokimliklariga ichki yonilg‘i bozorini uzluksiz ta’minlash va nazoratni kuchaytirish vazifasini topshirgan.
Moratoriy joriy etilishiga Qozog‘istonning yirik shaharlarida AI-92 markali benzin narxining o‘sish sur’ati tezlashgani sabab bo‘lgan. Energetika vazirining o‘rinbosari Sungat Yesimxanov yonilg‘i narxini oshirishga moratoriy hamda kommunal xizmatlar tariflarini muzlatib qo‘yish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni izohlagan.
“Davlat rahbarining iqtisodiy siyosatni yaxshilashga oid topshiriqlariga muvofiq, AI-92 markali benzin va dizel yonilg‘isi tariflarini oshirishga moratoriy e’lon qilinadi. Bu boradagi ishni biz Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi bilan hamda ushbu bozorning yirik ishtirokchilari bilan birgalikda olib boramiz”, deydi Yesimxanov.
U, shuningdek, kommunal xizmatlar tariflarining o‘sishini jilovlash choralari haqida ham fikr bildirgan.
“Ish bir necha yo‘nalishda olib boriladi – bu ichki xarajatlarni optimallashtirish, ko‘mir narxini barqaror saqlash va temiryo‘l tariflarini nazorat qilishni o‘z ichiga oladi. Yaqin vaqt ichida kommunal xizmatlar tariflarini oshirishga ham mos ravishda moratoriy e’lon qilinadi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Energetika vazirligi yonilg‘i eksportiga taqiq kuzatilayotgani hamda benzin O‘zbekistonga ham, boshqa davlatlarga ham yetkazib berilmayotganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi