Qozog‘istonda vitse-prezident lavozimi joriy etiladi

Olam

image

Qozog‘istonda yangi lavozim – respublika vitse-prezidenti paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, davlat maslahatchisi lavozimi tugatiladi. Bu haqda bugun, 20 yanvar kuni mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi.

“Bekorga xalq orasida “har narsaning o‘z vaqti bor” deyishmaydi. Menimcha, ana shu vaqt yetib keldi. Bugun Milliy qurultoyning yakuniy majlisida yangi, muhim taklif bilan chiqmoqchiman. Men taklif etayotgan bu yangilik bir necha yil davomida izchil ravishda shakllanib kelayotgan butun siyosiy konstruksiyani mantiqan yakunlab beradi.

Gap Qozog‘iston Respublikasi vitse-prezidenti institutini ta’sis etish va uni Konstitutsiyada tegishli tarzda mustahkamlash haqida bormoqda. Vitse-prezidentni parlament roziligi bilan ko‘pchilikning ovozi orqali prezident tayinlaydi. Uning vakolatlari doirasini esa davlat rahbarining o‘zi belgilaydi”, deydi To‘qayev.

Qayd etilishicha, vitse-prezident prezident topshirig‘iga ko‘ra:

  • Qozog‘iston Respublikasining xalqaro forumlar va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan muzokaralardagi manfaatlarini ifodalaydi;
  • prezident manfaatlarini parlamentda taqdim etadi;
  • mahalliy va xorijiy ijtimoiy-siyosiy, ilmiy hamda madaniy-ma’rifiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
  • prezidentning boshqa topshiriqlarini bajaradi.

Shu bilan birga, To‘qayev vitse-prezidentning xizmat vakolatlariga oid ushbu asosiy qoidalar Konstitutsiya matnida ham aks ettirilishi lozimligini bildirgan.

Bundan tashqari, amaldagi parlament faoliyatini ta’minlab kelayotgan ayrim apparat tuzilmalari, shuningdek, davlat maslahatchisi lavozimi ham tugatilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda 1990 yillarda ham vitse-prezidentlik lavozimi mavjud bo‘lgan. Nursulton Nazarboyev uni 1996 yilda bekor qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston parlamenti “Qurultoy” deb qayta nomlanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston vitse-prezident

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing