To‘qayev bir palatali parlament vakolatlarini kengaytirishni taklif qildi
Olam
−
20 yanvar 1299 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bo‘lajak islohot davomida bir palatali parlamentning hokimiyat tarmoqlarini shakllantirish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish tashabbusi bilan chiqdi.
“Amaldagi konstitutsiyaga ko‘ra, o‘zingizga ma’lum, Konstitutsiyaviy sud, Oliy taftish palatasi va Markaziy saylov komissiyasini shakllantirish vakolatlari Majlis, Senat (parlamentning quyi va yuqori palatalari - tahr.) va prezident o‘rtasida teng taqsimlangan. Endi esa ushbu muhim davlat tuzilmalarining barcha a’zolarini tayinlash faqat parlament roziligi bilan amalga oshirilishi taklif qilinmoqda”, deydi To‘qayev Milliy qurultoy yig‘ilishida
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat oliy vakillik organi deputatlariga prezident taqdimiga binoan Oliy sudning barcha sudyalarini saylash vakolatini berish taklif qilinmoqda.
“Bu Qozog‘iston parlamentarizmini rivojlantirish, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash yo‘lidagi katta qadamdir”, deya tushuntirdi Prezident.
Bir palatali parlament
Avvalroq To‘qayev xalqqa murojaatida Qozog‘istonda bir palatali parlament tuzishni taklif qilgan edi. Uning nuqtai nazaricha, bunday islohot jamiyatda atroflicha muhokama mavzusiga aylanishi kerak. To‘qayev bunga kamida bir yil ketishini, 2027 yilda esa umummilliy referendum o‘tkazish, keyin esa konstitutsiyaga zarur o‘zgartirishlar kiritish mumkinligini aytdi. Uning fikricha, bir palatali oliy qonun chiqaruvchi organ faqat partiya ro‘yxatlari bo‘yicha saylanishi kerak, bu esa dunyoda keng tarqalgan parlament an’anasiga mos keladi.
Hozirda Qozog‘iston parlamenti ikki palatadan iborat. Majlisda 98 nafar deputat bo‘lib, ulardan 69 nafari partiya ro‘yxatlari bo‘yicha, 29 nafari bir mandatli okruglar bo‘yicha saylanadi. Vakolat muddati besh yil. Senat 50 nafar qonun chiqaruvchidan iborat – mamlakat mintaqalaridan 2 nafardan, yana 10 nafarini prezident tayinlaydi. Vakolat muddati olti yil, senatorlarning yarmi har uch yilda qayta saylanadi.
Live
Barchasi