Quddusda tug‘ilgan arxitektor yoxud Netanyaxu aslida kim?

Tahlil

Uni kimdir Isroilni zamonaviy va qudratli davlatga aylantirgan xaloskor deb biladi, boshqalar esa Yaqin Sharqni qonga botirgan eng xavfli siyosatchi sifatida ko‘radi. Ammo bir haqiqatni hech kim inkor eta olmaydi: qariyb chorak asrdan beri ushbu mintaqadagi urush va tinchlik, ittifoq va nizolar aynan bir insonning qarorlari atrofida aylanmoqda. Bu odam – Binyamin Netanyaxu. Xo‘sh, dunyo siyosatini ostin-ustun qilib yuborgan yetakchi kim o‘zi? U qanday qilib oddiy harbiydan mamlakatning eng uzoq yillik rahbariga aylandi va u boshlagan urushlar bugun dunyoni qaysi nuqtaga olib keldi? Yaqin daqiqalar ichida Isroil yetakchisi Netanyaxuning sirli shaxsiyati, siyosiy o‘yinlari va u tufayli o‘zgarayotgan yangi dunyo tartibiga nazar tashlaymiz.

Binyamin Netanyaxu 1949 yil 21 oktyabrda Tel-Avivda dunyoga kelgan va Quddus shahrida ulg‘aygan. Yaqinlari va xalq orasidagi laqabi – “Bibi”. Uning shaxsiy hayoti ham xuddi siyosiy faoliyati kabi rang-barang kechgan. Netanyaxu hayoti davomida uch marta turmush qurgan. Uning birinchi turmushi 1972 yilda Miriam Vayzman bilan qurilgan bo‘lib, ular 1978 yilgacha birga yashashgan. Bu nikohdan Netanyaxuning Noa ismli qizi bor. 1981 yilda u Flor Keyts bilan oila quradi, biroq bu munosabatlar ham uzoqqa cho‘zilmay, 1988 yilda ajrashish bilan yakunlanadi.  Siyosatchining hayotidagi eng mustahkam va uzoq yillik nikohi 1991 yilda Sara Ben-Arsi bilan boshlangan. Bugungi kunda Sara Netanyaxu nafaqat mamlakatning birinchi xonimi, balki Isroil tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega ayol hisoblanadi. Sara va Binyamin Netanyaxularning ikki nafar o‘g‘li bor.

Uning shaxsiyatidagi G‘arb dunyoqarashining shakllanishida otasi, taniqli tarixchi olim Benzion Netanyaxuning o‘rni katta. Otasining ilmiy faoliyati sababli oila bir muddat AQSHga ko‘chib o‘tadi. Bo‘lajak siyosatchi o‘smirlik yillarini AQSHning Filadelfiya yaqinida o‘tkazadi va u yerdagi o‘rta maktabni tamomlaydi.

Amerikadagi hayot Netanyaxuga dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olish imkonini berdi. U AQSHning nufuzli Massachusets texnologiya institutida (MIT) arxitektura bo‘yicha bakalavr va biznes boshqaruvi (MBA) bo‘yicha magistrlik darajasini oldi. Ilmga bo‘lgan ishtiyoqi uni keyinchalik Garvard universitetiga yetakladi va u yerda siyosatshunoslik yo‘nalishida tahsil oldi.

Biroq Netanyaxuning hayoti faqat kitoblar orasida o‘tmagan. 1967 yilda vataniga qaytgan Binyamin Isroil Mudofaa Kuchlari safiga chaqiriladi. U mamlakatning eng elita maxsus bo‘linmasi – “Sayeret Matkal” safida xizmat qilib, kapitan unvonigacha ko‘tarildi. 1972 yilda terrorchilar tomonidan garovga olingan samolyot yo‘lovchilarini qutqarish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘ta xavfli operatsiyada bevosita ishtirok etdi va jang maydonida yaralandi.

Siyosiy hayoti

Benyamin Netanyaxu zamonaviy Isroil tarixidagi eng ta’sirli va eng bahsli siyosatchilardan biri hisoblanadi. U uch marta hokimiyatga kelgan va 18 yildan ortiq vaqt davomida bosh vazir lavozimida ishlagan. 1996 yilda Netanyaxu Isroil tarixidagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh vazirlik saylovida g‘alaba qozondi. U avvalgi bosh vazir Shimon Peresni kichik farq bilan mag‘lub etdi. Bu davrda u Falastin davlati masalasida qat’iy pozitsiyani egalladi, Yahudiy aholi punktlarini kengaytirishni davom ettirdi hamda Isroil xavfsizlik siyosatini kuchaytirdi.

Bundan tashqari Janubiy Livandagi operatsiyalar davom etdi va Isroil armiyasi Livandagi xavfsizlik zonasini saqlab qoldi. Oradan uch yil o‘tib, ya’ni 1999 yilgi saylovlarda u Ehud Barakga yutqazdi va hokimiyatni tark etdi. Biroq bu bilan hokimiyatdan cheklanib qolmadi. U 2003 yildan 2005 yilga qadar Moliya vaziri lavozimida ishladi. Bu muddatda mamlakat uchun foyda keltiradigan ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. Xususan, davlat xarajatlarini qisqartirdi, xususiylashtirish dasturlarini kengaytirdi hamda bozor iqtisodiyoti islohotlarini amalga oshirdi. Ko‘plab iqtisodchilar Isroilning keyingi iqtisodiy o‘sishida aynan shu davr siyosati muhim rol o‘ynaganini ta’kidlaydi.

Shundan so‘ng, 2009 yilda u yana hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Aynan shu yildan boshlab u Eronni asosiy tahdid sifatida ko‘rsata boshladi. Netanyaxu deyarli barcha xalqaro chiqishlarida Eron yadro dasturini Isroil uchun eng katta xavf deb atadi. U AQSHni Eronga nisbatan qattiqroq siyosat yuritishga chaqirdi. Shu bilan birga, HAMAS bilan o‘zaro urushlarni boshlab berdi. Uning rahbarligi davrida G‘azoda bir nechta yirik harbiy operatsiyalar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 2012 yilda Mudofaa ustuni operatsiyasi, 2014 yilda “Mustahkam qoya” operatsiyasi va 2021 yilda “Devorlar qo‘riqchisi” operatsiyasini amalga oshirgan. Isroil tomoni mazkur operatsiyalarning barchasini HAMAS raketa hujumlariga javob sifatida boshlanganini ta’kidlab keladi. 2023 yilning oktyabr oyida boshlangan G‘azo sektorida urushga aynan shu bahona bo‘lgan.

Arab davlatlari bilan yaqinlashuv

2020 yilda Isroil, Arab davlatlari – Birlashgan arab amirliklari, Bahrayn, Marokash hamda Sudan bilan do‘stona va mustahkam aloqalarni o‘rnatdi. Bu jarayon tarixga “Abraham ya’ni Ibrohim kelishuvi” sifatida kirdi. Kelishuvning “Ibrohim” (Abraham) deb nomlanishi ramziy ma’noga ega. Islom, Xristianlik va Yahudiylik dinlarining barchasida Ibrohim alayhissalom umumiy payg‘ambar va buyuk bobokalon sifatida e’zozlanadi. Hujjat ijodkorlari bu nom orqali arab va yahudiy xalqlari o‘rtasidagi umumiy ildizlarni hamda tinchlikka bo‘lgan intilishni ifodalamoqchi bo‘lganlar. Ushbu kelishuv Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik siyosiy muzlikni eritib yuborgan eng yirik geosiyosiy voqealardan biri bo‘ldi. Hujjatning imzolanishida AQSH prezidenti Donald Tramp muhim ro‘l o‘ynagan. Rasmiy imzolash marosimi 2020 yil 15 sentyabr kuni Vashingtonda, Oq uyda bo‘lib o‘tgan.

Shu o‘rinda bir qiziq ma’lumotga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. “Ibrohim kelishuvi”ga qadar arab dunyosidan faqatgina 1979 yil Misr va 1994 yilda Iordaniya Isroil bilan rasmiy tinchlik shartnomasini imzolagan edi. 26 yillik tanaffusdan keyin BAA, Bahrayn va Marokash bu qadamni tashlagan navbatdagi arab davlatlari bo‘ldi. Kelishuvning asosiy siyosiy va iqtisodiy sabablari deya mintaqada Eronning kuchayishi hamda g‘arbiy sohildagi falastinliklar yerlarini Isroil tarkibiga rasman qo‘shib olish (anneksiya qilish) rejasini vaqtincha to‘xtatishga rozi bo‘lish deya ko‘rsatilgandi.  

“Ibrohim kelishuvi” natijasida Tel-Aviv hamda Dubay o‘rtasida har kuni o‘nlab samolyotlar ucha boshladi. Yuz minglab isroillik turistlar Amirliklarga sayohat qildi. Abu-Dabi va Manamada, BAA va Bahrayn esa, Tel-Avivda o‘z elchixonalarini ochdi. Birgina Isroil va BAA o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qisqa muddat ichida milliardlab dollarga yetdi. Shuningdek, erkin savdo zonalari to‘g‘risida shartnomalar imzolandi.

Netanyaxuning hokimiyatdan ketishi

2019 yilda Isroil Bosh prokuraturasi Netanyaxuga nisbatan firibgarlik, poraxo‘rlik va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlarini e’lon qildi va u rasman sudlanayotgan ilk amaldagi Bosh vazirga aylandi. U noqonuniy sovg‘a olish, OAV bilan yashirin til biriktirish hamda poraxo‘rlik kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan. Hozirgacha ushbu ishlar bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda. Netanyaxu barcha ayblovlarni mutlaqo rad etib, ularni siyosiy muxoliflari tomonidan uyushtirilgan “jodugarlar ovi” deb atab keladi.

Shu nizolar negizida 2021 yilda turli partiyalar Netanyaxuga qarshi koalitsiya tuzdi. Natijada, u bosh vazirlikni tark etdi va muxolifat lideriga aylandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 2022 yilning dekabrida Netanyaxu yana bosh vazir bo‘ldi. Bu safar u Isroil tarixidagi eng o‘ng qanot hukumatlardan birini tuzdi. Shundan so‘ng, u oliy sud vakolatlarini qisqartirib, parlament vakolatlarini kengaytirdi. Bu Isroil tarixidagi eng yirik norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. 2023 yil 7 oktyabr kuni Hamas Isroil hududiga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Netanyaxu bunga javoban urush e’lon qildi. Minglab raketalar uchirildi, yuzlab odamlar o‘ldirildi va garovga olindi. Bu uning siyosiy faoliyatidagi eng muhim voqea bo‘ldi.

AQSH prezidentlari bilan munosabatlar

Amerikaning 43 prezidenti Jorj Bush davrida AQSH-Isroil hamkorligi mustahkamlandi. Ushbu vaqtda terrorizmga qarshi kurash ikki davlatni yanada yaqinlashtirdi. 2001 yildagi egizak binolarning portlashi ham vaziyatni Amerikada musulmon davlatlarga nisbatan keskin qarashlarni ilgari surilishiga sabab bo‘lgan.

AQSHning 44 prezidenti Barak Obama davriga kelib, AQSH va Isroil munosabatlari taranglashdi. Chunki, 2015 yilda Eron va AQSH, shuningdek, boshqa yirik davlatlar o‘rtasida Qo‘shma harakat rejasi deb nomlangan yadroviy kelishuv imzolangan. Obama ma’muriyatining fikricha kelishuv Eronning yadro qurolini yaratish imkoniyatini cheklaydi, xalqaro nazoratni kuchaytiradi, Yaqin Sharqda urush xavfini kamaytiradi.

Netanyaxu esa, bu kelishuvga keskin qarshi chiqqan va uni Isroil xavfsizligi uchun xavf deb hisoblagan. Shuning uchun ayrim Isroil siyosatchilari Obamani Eronga nisbatan “haddan tashqari yumshoq” deb tanqid qilgan. Ammo Obama Eronni AQSH ittifoqchisi sifatida qo‘llab-quvvatlamagan, aksincha, u Eronning yadroviy dasturini cheklashga uringan. Shu bilan birga Obama falastinliklar bilan tinchlik muzokaralarini qayta tiklashga harakat qilgan. Bu pozitsiya Netanyaxu hukumati bilan bir necha bor ziddiyatlarga sabab bo‘lgan. Aynan shu yili Netanyaxu AQSH Kongressida Obamaning Eron siyosatini ochiq tanqid qilgan.

AQSHning 45 va 47 prezidenti Donald Tramp bilan Netanyaxu do‘stona, hatto juda yaqin munosabatda bo‘lgan. Tramp davrida AQSH Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan oldi, AQSH elchixonasi Quddusga ko‘chirildi, “Ibrohim kelishuvi” imzolandi. Bu esa, o‘z navbatida Netanyaxuning mamlakatdagi va xalqaro maydondagi diplomatik yutuqlaridan biri sifatida baholandi.
Mamlakatning 46 prezidenti Jo Bayden ham Netanyaxu bilan bir necha o‘n yillik qadrdon bo‘lgan.

Falastin va Eron bilan ziddiyat

2023 yilning 7 oktyabr kunida boshlangan G‘azo sektoridagi urush va xunrezliklar butun dunyoni larzaga keltirdi. Urush davomida G‘azo sektorida bir necha o‘ng minglab falastinliklar halok bo‘ldi, hududning katta qismi vayron bo‘ldi va millionlab odamlar ko‘chishga majbur bo‘ldi. Bolalar va tinch aholi ochlikdan hamda og‘ir urush sharoitidan aziyat chekmoqda. Isroil Falastinga gumanitar yordam olib kirilishini ham bir necha bor to‘sib qo‘ygan. Xalqaro jinoyat sudi 2024 yilda Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha hibsga olishga order chiqargan.

Netanyaxu hukumati urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsidga oid ayblovlarga duch kelyapti, biroq Isroil bu ayblovlarni rad etib keladi va xalqaro sudlarda ishlar davom etmoqda. 2026 yilning boshida Netanyaxu hukumati Eron bilan keng ko‘lamli urush boshlaganini e’lon qildi. Isroil hukumati bu harakatni Eronning yadroviy va harbiy salohiyatini yo‘q qilish zarurati bilan izohlagan.

Dastlab Tramp va Netanyaxu 10 kun ichida Eronni ishg‘ol etishini bong urgandi, ammo Eron ular o‘ylagandek zaif davlat bo‘lib chiqmadi. Eron dushman tomonga qarata shiddatli hujum qildi. Joriy yilning 1 martga o‘tar kechasida boshlangan AQSH-Eron-Isroil urushi hozirgi kungacha davom etmoqda.

Netanyaxu qanday baholanadi?

Tarixchilar va siyosatshunoslar orasida Netanyaxu haqida yakdil fikr yo‘q. Ba’zilar uni David Ben-Guriondan keyingi eng ta’sirli Isroil rahbarlaridan biri deb hisoblaydi. Boshqalar esa uni mamlakat tarixidagi eng bo‘linuvchi siyosatchilardan biri sifatida baholaydi.

Shunga qaramay, bir masalada deyarli hamma mutaxassislar fikri bir xil: Benyamin Netanyaxu XXI asr Yaqin Sharq siyosatini eng ko‘p shakllantirgan siyosiy arboblardan biridir. Uning qarorlari nafaqat Isroil va Falastin, balki butun mintaqa hamda AQSH-Yaqin Sharq munosabatlariga katta ta’sir ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Quddus hokimiyat Falastin Isroil Arab davlatlari Netanyaxu

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing