Xitoy Rossiyadan neft importining qariyb yarmidan voz kechdi

Olam

image

AQSH sanksiyalari sabab Xitoy Rossiyadan neft importining deyarli 50 foizini to‘xtatdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Rossiya neftidan voz kechganlar orasida neftni qayta ishlovchi yirik davlat kompaniyalari – Sinopec va PetroChina Co., shuningdek, xususiy korxonalar ham bor.

Yangi cheklovlardan cho‘chigan bu korxonalar Shandong Yulong Petrochemical Co. kompaniyasi Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan “qora ro‘yxat”ga kiritilgach, rossiyalik yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni to‘xtatgan.

Treyderlar ma’lumotiga ko‘ra, bu holat ESPO brendli premium neft narxining keskin tushishiga olib kelgan.

Norvegiyaning Rystad Energy AS konsalting kompaniyasi bahosiga ko‘ra, Xitoy kompaniyalarining Rossiya neftidan voz kechishi va narxlarning pasayishi kuniga 400 ming barrel atrofidagi hajmga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu Xitoyning Rossiyadan import qilayotgan umumiy neft hajmining qariyb 45 foizini tashkil etadi. Shuningdek, Yulong kompaniyasi hozir faqat Rossiyadan yoqilg‘i xarid qilishga majbur, chunki g‘arbiy yetkazib beruvchilar bilan hamkorlik qilish imkoniyati yo‘q.

Qayd etish joiz, joriy yilning 22 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Kreml Ukrainadagi urushni to‘xtatishdan bosh tortganidan so‘ng, Rossiyaning ikki eng yirik neft kompaniyasi – “Rosneft” va “Lukoyl”, shuningdek, ularning 34 ta tutash tuzilmalariga qarshi sanksiyalar joriy etgandi. AQSH Moliya vazirligi sanksiya ostidagi kompaniyalar bilan operatsiyalarni tugatish uchun bir oy muhlat bergan.
 
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning neft qayta ishlash zavodlari AQSH, Yevropa Ittifoqi va Britaniyaning Rossiya neft sanoatiga qarshi sanksiyalaridan keyin Iroq va Qozog‘istondan ko‘proq neft sotib ola boshlagani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya neft' Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing