Xo‘rlanganlar: sut hidi ketmagan go‘dakdan, oq sochli onaxongacha
Tahlil
−
09 mart 1470 7 daqiqa
Bu gal ayollarni ulug‘lash haqida gapirmaymiz. Gul, tabrik va dabdabali bayramlar haqida ham emas. 2025 yilning mart oyidan 2026 yil martigacha bo‘lgan davrda jabr ko‘rgan, yaqinlari tomonidan zo‘ravonlikka uchragan, jinsiy tajovuz qurboniga aylangan va ba’zida shu zulm girdobida o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lgan ayollar haqida so‘z yuritamiz. Shuningdek, ularni ana shunday og‘ir ahvolga olib kelgan voqealar va aybdorlar haqida ham ma’lumot beramiz.
2025 yil mart oyida poytaxtning Olmazor tumanidagi maktablardan birida voyaga yetmagan o‘quvchining homilador bo‘lib qolgani aniqlangan edi. Atigi 14 yoshda bo‘lgan qiz o‘gay otasi tomonidan muntazam tazyiq va zo‘ravonlikka uchrab, undan homilador bo‘lib qolgani ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan hamda ish hujjatlari ichki ishlar organlariga yuborilgan. Gumonlanuvchi o‘gay otaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
2025 yil may oyida esa Buxoro viloyatida 4 yoshli qizaloq qarindoshi tomonidan zo‘ravonlikka uchragani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilgan fuqaroning aytishicha, uning 4 yoshli jiyani onasi tomoni qarindoshlari, xususan 2011 yilda tug‘ilgan xolavachchasi tomonidan muntazam haqorat, qiynoq va zo‘ravonlikka uchrab kelgan. Unga nisbatan g‘ayritabiiy harakatlar sodir etilgani ham ta’kidlangan. Murojaatchiga ko‘ra, bu voqealar 2024 yil oktyabridan dekabrigacha davom etgan.
2025 yil 4 yanvardan boshlab qizning ota tomoni qarindoshlari uni tibbiy ekspertiza va psixologlar ko‘rigidan o‘tkazib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Biroq Buxoro shahri prokuraturasiga yo‘llangan murojaatlar dastlab tergov harakatlarisiz yopilgan. Shundan so‘ng bolaning yaqinlari yuqori turuvchi idora va tashkilotlarga murojaat qilgan. Natijada Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan holat qayta o‘rganilib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan. Shunga o‘xshash yana bir holat Toshkent viloyatining Angren shahrida sodir bo‘lgan. Unda voyaga yetmagan 15 yoshli qiz 4 nafar yigit tomonidan zo‘rlangani aytilgan.
Ojiza ayollar
Afsuski, yosh qizlarning nomusiga tegish bilan bog‘liq holatlar jamiyatda hanuz ko‘p uchramoqda. Or-nomus oila sha’ni deb qaraladigan jamiyatda bunday hayvoniy jinoyatlarning ayrimlari hatto oshkor ham etilmaydi. Shu sababli ularning asl ko‘lami qanchalik ekani ham noma’lumligicha qolmoqda.
Aslida ayol va qizlarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlar faqatgina tejog‘lik yoki jinsiy tajovuz bilan cheklanib qolmaydi. Xotin-qizlar va bolalarni ayovsiz kaltaklash, tahqirlash, xo‘rlash, hatto ularni o‘z joniga qasd qilish darajasigacha olib borayotgan holatlar ham kam emas.
Masalan, 2025 yil iyul oyida Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 41 yoshli sobiq harbiy xizmatchi xotinini qarindoshlarining to‘yiga borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni podvalga qamab qo‘ygan. Erkak ayolni bir kun davomida suv va ovqatsiz saqlab, uni kaltaklagani ham aniqlangan.
Yana bir holat Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida sodir bo‘lgan. Unda erkak o‘zining shar’iy nikohidagi ayoli va yangi tug‘ilgan farzandini besh oy davomida molxonada saqlagan hamda ayolga nisbatan muntazam tazyiq va zo‘ravonlik qilib kelgan. Boshqa bir voqeada esa oilaviy zo‘ravonlikdan charchagan ayol mashinaga quyiladigan zaharli “antifriz” suyuqligini ichib, o‘z joniga qasd qilgan.
Afsuski, zo‘ravonlik va tahqirlashlar yosh, ijtimoiy mavqe yoki kasb tanlamaydi. Masalan, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan erkak ikki ayol bilan yashab kelgani aniqlangan. O‘zaro janjal oqibatida u qonuniy nikohdan o‘tgan birinchi turmush o‘rtog‘ining sochlarini qirib tashlab, ayolni urib kaltaklagan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu oila nikohi 2021 yilda rasman bekor qilingan bo‘lsa-da, ayol erining taklifiga binoan besh nafar farzandi bilan Guliston shahrining Bo‘ston mahallasidagi xonadonlardan birida yashab kelgan. Shu vaqt ichida erkak shar’iy nikoh asosida yana bir ayolga uylanib, uni ham shu xonadonga olib kelgan. Erkak mast holatda ayolni begona erkaklar bilan yozishmada ayblab, unga nisbatan ham ruhiy, ham jismoniy tazyiq o‘tkazgan.
Bundan tashqari, 2025 yil iyul oyida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 23 yoshli kelin ovsini, qaynonasi va eri tomonidan vahshiylarcha kaltaklanishi oqibatida vafot etgan. Aynan shu oyda Surxondaryo viloyatida 71 yoshli ayol o‘z uyida pichoqlab o‘ldirilgan.
Shuningdek, joriy yilning boshida Andijon viloyatining Asaka tumanidagi maktab binosida ham dahshatli voqea yuz berdi. O‘qituvchi ayol o‘quvchilar ko‘z o‘ngida o‘ldirildi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qilishicha, voqea 27 yanvar kuni soat 15:30 larda Asaka tumanidagi maktab binosida sodir bo‘lgan. Shu maktabda ishlovchi erkak oilaviy kelishmovchiliklar sabab kelib chiqqan janjal oqibatida o‘zi bilan birga ishlovchi 34 yoshli turmush o‘rtog‘iga yonida olib kelgan xo‘jalik pichog‘i bilan bir necha marotaba tan jarohati yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan.
Ayollar va qizlarga nisbatan sodir etilgan hamda etilayotgan bunday vahshiyliklarning soni juda ko‘p. Biz esa o‘quvchi ko‘nglini yanada xira qilmaslik uchun ularning barchasini keltirmadik. Aslida esa bu fojialarning hammasini sanab chiqishga na vaqt yetadi, na qalamning siyohi.
Zo‘ravonlik holatlari 125 foizga oshgan
Endi ushbu bir yillik davrda ochiqlangan yarim yillik va qisman statistik ma’lumotlariga nazar tashlaymiz. 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, eng ko‘p zo‘ravonlik holatlari Toshkent viloyatida – 9 414 ta, Buxoro viloyatida – 5 612 ta, Qashqadaryo viloyatida – 5 268 ta va Andijon viloyatida – 4 808 ta holatda qayd etilgan. Shu davr mobaynida 930 nafar ayolga takroriy himoya orderlari berilgan.
Shuningdek, 2025 yilning dastlabki 8 oyi davomida ayollarga nisbatan qariyb 50 mingdan ortiq ta’qib va zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 125 foizga ko‘p degani. Ya’ni, tazyiq va zo‘ravonlik holatlari kamaymagan, aksincha ortib bormoqda.
Aksar hollarda ayollar yillar davomida jim yuradi. Bunga sabab – qo‘rquv, uyat yoki jamiyat bosimi. Eng achinarlisi, ko‘pincha zo‘ravonlik sodir etayotgan shaxs begonalar emas. U turmush o‘rtog‘i, ota yoki eng yaqin qarindosh bo‘lishi mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning yarim yilligida 4 952 nafar erkak oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan. Ulardan 3 200 nafari jarimaga, 1 752 nafari esa ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.
Bundan tashqari, 231 nafar shaxs ayollarga nisbatan qiynoq va zo‘ravonlik jinoyati uchun sudlangan, ulardan 65 nafari qamoq jazosiga yuborilgan. Yana 986 nafar shaxs ayollarga nisbatan jinsiy ta’qibda ayblangan. Ularning 358 nafari jarimaga, 628 nafari esa ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan.
Statistikaga ko‘ra, har beshta ajrim holatidan to‘rttasi oilaviy zo‘ravonlik tufayli sodir bo‘lgan.
Albatta, bu raqamlar barcha holatlarni qamrab olmaydi. Ular faqat rasman qayd etilgan statistik ma’lumotlarni aks ettiradi. Real hayotda esa “haqiqiy tajovuz” va zo‘ravonlik holatlari bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Ko‘rilayotgan yangi choralar
Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida hukumat tomonidan jazolar kuchaytirilib, yangi qonunlar qabul qilinmoqda. Xususan, joriy yilning 16 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy qilishni ma’qulladi. Unga ko‘ra, endilikda pedofillarga nisbatan eng og‘ir jazo — umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, 2026 yil 3 mart kuni Prezident “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Mazkur farmonga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning mobil telefonlariga SOS chaqiruv mobil ilovasi o‘rnatiladi. Ushbu ilova orqali ular zarurat tug‘ilganda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zudlik bilan xabar yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ilova jabrlanuvchining roziligi bilan o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qator vakolatli davlat organlarining mas’uliyati va vazifalari ham oshirildi. 5 mart kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida ayollar va bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonliklar hamda jinoyatlarga bundan buyon mutlaqo murosa qilinmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun hammaga birdek ishlashi shart – istisnosiz, hech qanday “xos odamlar” yoki alohida vaziyatlarsiz.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva hech bir ayolni jimgina zulmga chidashga hech kim majbur qila olmasligini alohida qayd etdi. Sizlarga taqdim etilgan raqamlar oddiy statistika emas. Bu minglab ayollarning sindirilgan hayoti, qo‘rquv bilan o‘tgan tunlari va jim yutilgan ko‘z yoshlaridir.
Jamiyat ko‘pincha bunday ayollardan sabr qilishni, “oila uchun chidashni”, “uyat bo‘ladi” deb sukut saqlashni talab qiladi. Ammo sukut zo‘ravonlikni to‘xtatmaydi – aksincha, uni davom ettiradi. Ayolni hurmat qilish gullar bilan emas, balki uning hayoti va qadr-qimmatini haqiqatan himoya qila oladigan oila va jamiyat bilan o‘lchanadi. Ayollarni va asrab-avaylash esa har birimizning burchimizdir.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi