9 kishini o‘ldirgan o‘quvchining onasi ham hibsga olindi
Olam
−
22 aprel 13184 3 daqiqa
Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida maktabga hujum qilib, 9 kishini o‘ldirgan 16 yashar Iso Aras Mersinlining onasi Pinar Peyman Mersinli hibsga olindi. Qahramonmarash Bosh prokuraturasi bayonotida ona o‘g‘lini psixiatrik davolatish zarurligi haqidagi shifokorlar tavsiyalarini e’tiborsiz qoldirgani va bu holat fojiaga olib kelgani sabab hibsga olingani aytilgan.
O‘qituvchi bo‘lib ishlagan Pinar Peyman Mersinli sud tomonidan “ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish” aybi bilan hibsga olinib, qamoqxonaga jo‘natilgan. Hodisa yuzasidan keng ko‘lamli tergov davom etayotgani xabar qilingan.
Qahramonmarash Bosh prokuraturasi Ayser Chalik o‘rta maktabida qurolli hujum sodir etib, biri o‘qituvchi bo‘lgan 9 kishini o‘ldirgan va 21 kishini yaralagan Iso Aras Mersinlining onasi Peyman Pinar Mersinlining hibsga olinishi yuzasidan bayonot berdi.
Bayonotda qayd etilishicha, ona hodisadan oldin turli sanalarda poliklinikalarda bolalar psixiatrlari tomonidan qo‘yilgan tashxislarni va davolanish zarurligi haqidagi tavsiyalarni inobatga olmagan.
“Jinoyat sodir etgan Iso Aras Mersinlining sog‘lig‘idagi muammolarni aniqlashga qaratilgan va ish materiallariga qo‘shilgan barcha ma’lumot va hujjatlar tegishli tibbiyot muassasalaridan olindi. Ushbu hujjatlarni o‘rganish natijasida ma’lum bo‘ldiki, hodisa sanasidan avval ikki xil muassasadan – davlat va xususiy shifoxonadan ikki nafar psixolog tashxis qo‘yib, Iso Aras Mersinlining bolalar psixiatriya poliklinikasida davolanishga muhtojligini tavsiya qilganiga qaramay, onasi shifokorlar tavsiyalarini e’tiborga olmagan, tegishli tibbiy yordam olish uchun ko‘rsatilgan psixiatriya poliklinikalariga murojaat qilmagan va shu tariqa jinoyatchining o‘lim va jarohatlarga olib kelgan harakatlarni sodir etishiga sabab bo‘lgan deb taxmin qilinayotgan ruhiy kasalliklarini davolash vazifasiga beparvolik qilgan”, deyiladi bayonotda.
Qahramonmarash Bosh prokuraturasi tomonidan gumonlanuvchi Pinar Peyman Mersinlining muayyan holatdagi beparvo harakatlari va bu beparvolik sabab yuzaga kelgan oqibatlarning og‘irligi inobatga olinib, u hibsga olish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha navbatchi sudga yuborilgan. Qahramonmarash Jinoyat ishlari bo‘yicha navbatchi sudi tomonidan o‘tkazilgan so‘roq natijasida Pinar Peyman Mersinlini hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan va gumonlanuvchi jazo ijro etish muassasalariga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Turkiyadagi ta’lim muassasalarda tez-tez qurolli hodisalar yuz bermoqda. Xususan, joriy yilning 2 mart kuni butun Turkiyani larzaga solgan voqea sodir bo‘ldi. Istanbul shahridagi Bo‘rsa kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida o‘qituvchi Fotima Nur Chelik o‘z o‘quvchisi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirilgandi.
Shuningdek, joriy yilning 14 aprel kuni Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan litseyda qurolli hujum sodir bo‘ldi. Oqibatda 16 kishi jarohatlanib, hujum sodir etgan o‘quvchi o‘z joniga qasd qildi.
Ushbu voqealar ortidan Turkiya bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytirish ishlari olib borilmoqda. Ba’zi maktablarda forma majburiy etib belgilandi, ota-onalarning maktab hududiga kirishi cheklab qo‘yildi.
Live
BarchasiDehqonobod tumaniga sel keldi
23 aprel