Makron Rossiyada josuslikda ayblangan fransiyalik ishi bilan shug‘ullanmoqda

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiyada josuslikda ayblanib hibsda saqlanayotgan fransiyalik Loran Vinate ishi bilan shaxsan shug‘ullanmoqda. Bu haqda Prezident atrofidagi manbalarga tayanib, BFMTV telekanali xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Makron Vinateni imkon qadar tezroq ozod etishga qat’iy bel bog‘lagan va bu borada tegishli davlat idoralari orqali ish olib bormoqda. 

Bundan bir kun avval Kreml Moskva va Parij o‘rtasida Vinate ishi yuzasidan aloqalar bo‘layotganini ma’lum qilgan edi. Rossiya tomoni fransuz tomoniga ma’lum bir taklif bildirgan, hozir esa navbat Fransiyaga tegishli ekani aytilgan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov taklif tafsilotlarini ochiqlamagan.

Vinatening ishi 19 dekabr kuni Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot chog‘ida ham ko‘tarilgan. TF1 telekanali jurnalisti Jerom Garro bu masala bo‘yicha savol bergani-da, Putin bu ismni ilk bor eshitayotganini aytib, masalani o‘rganib chiqishga va’da qilgan. U, agar Rossiya qonunchiligi doirasida ijobiy hal etish imkoniyati bo‘lsa, barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’kidlagan.

Loran Vinate Shveysariyada joylashgan gumanitar muloqot markazida maslahatchi bo‘lib ishlagan. U 2024 yilning iyun oyida Rossiyada qo‘lga olingan. Oradan uch oy o‘tib, Rossiya harbiylari haqida ma’lumot to‘plaganlikda ayblanib, “xorijiy agent” sifatida uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bu jazoni haddan tashqari og‘ir deb baholagan va Rossiyadagi “xorijiy agentlar” haqidagi qonunchilikni tanqid qilgan. Makron esa Vinate Fransiya hukumati uchun ishlamaganini alohida ta’kidlagan.

2025 yil avgust oyida esa Moskvaning Lefortovo sudi saytida paydo bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, Vinate josuslik bo‘yicha yangi jinoiy ish doirasida ayblanuvchiga aylangan. Ushbu modda bo‘yicha maksimal jazo 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi “xorijiy agentlar”ni jinoiy javobgarlikka tortishni kuchaytiruvchi va Rossiya rasmiylarining fikricha, ular xorijda sodir etgan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortish imkonini beruvchi qonun loyihasini ma’qullagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Frantsiya Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing