Rossiya Belarusga gipertovushli raketalarini joylashtirishi mumkin
Olam
−
27 dekabr 2025 3449 5 daqiqa
Ikki nafar ameriaklik tadqiqotchi sputnik tasvirlarini o‘rganish asosida, Moskva Belarusning sharqidagi sobiq aviabazada yadroviy qurol olib yura oladigan yangi gipertovush ballistik raketalarni joylashtirayotgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi. Bu esa Rossiyaning Yevropa bo‘ylab raketalar yetkazib berish imkoniyatini kuchaytirishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Masaladan xabardor, ammo ommaga oshkor etishga ruxsat berilmagan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashish sharti bilan ismini oshkor etmaslikni so‘ragan nashr manbasi bu baholash AQSH razvedkasi xulosalariga ham mos kelishini aytgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 5 500 km masofaga ega deb baholanayotgan o‘rta masofali “Oreshnik” raketalarini Belarusda joylashtirish niyatini ochiq aytgan, ammo aniq joy avval xabar qilinmagan edi.
Ayrim ekspertlar fikricha, “Oreshnik”ni joylashtirish Kreml NATO a’zolarini Kiyevga Rossiya hududiga chuqur zarba bera oladigan qurollarni yetkazib berishdan tiyish maqsadida yadroviy tahdidga tobora ko‘proq tayanayotganini ko‘rsatadi.
Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi izoh so‘roviga darhol javob bermagan. Belarus elchixonasi ham izoh berishdan bosh tortgan. Davlatga qarashli “Belta” axborot agentligi esa mudofaa vaziri Viktor Xreninning 24 dekabr kuni aytgan so‘zlarini keltirdi: unga ko‘ra, “Oreshnik”ni joylashtirish Yevropada kuchlar muvozanatini o‘zgartirmaydi va bu G‘arbning “agressiv harakatlariga javob” hisoblanadi.
Oq uy ham izoh so‘roviga darhol javob bermagan, MRB esa izoh berishdan bosh tortgan.
Kaliforniyadagi Middlebury Institute of International Studies tadqiqotchisi Jeffri Lyuis va Virjiniyada joylashgan CNA tadqiqot va tahlil tashkiloti eksperti Deker Eveletning aytishicha, ular “Oreshnik” raketalarini joylashtirish haqidagi xulosani Planet Labs nomli tijoriy sun’iy yo‘ldosh kompaniyasi tasvirlari asosida chiqargan. Ushbu tasvirlarda Rossiya strategik raketa bazasiga xos belgilar aniqlangan.

Lyuis va Eveletning so‘zlariga ko‘ra, ular 90 foiz ishonch bilan Kritsev shahri yaqinidagi (Belarus poytaxti Minskdan taxminan 307 km sharqda va Moskvadan 478 km janubi-g‘arbda) sobiq aviabazada mobil “Oreshnik” uchirish qurilmalari joylashtirilishi mumkin, deb hisoblaydi.
Moskva 2024 yil noyabrida oddiy (yadroviy bo‘lmagan) jang qismiga ega “Oreshnik” raketasini Ukrainadagi nishonga qarshi sinovdan o‘tkazgan. Putinning ta’kidlashicha, uni ushlab qolish deyarli mumkin emas, chunki uning tezligi Mach 10 dan oshadi.
Chatham House eksperti, ilgari Moskva va Kiyevda Britaniya mudofaa attashesi bo‘lib ishlagan Jon Formanning aytishicha, Putin bu qurolni “Yevropa ichigacha ta’sir doirasini kengaytirish uchun Belarusda joylashtirishni rejalashtirmoqda”.
Forman bu qadamni AQSHning kelasi yili Germaniyada o‘rta masofali gipertovushli Dark Eagle kabi oddiy raketalarni joylashtirish rejasiga javob sifatida ham baholaydi.
“Oreshnik”ni joylashtirish 2010 yilda imzolangan New START shartnomasi – AQSH va Rossiya o‘rtasidagi strategik yadroviy qurollarni cheklovchi so‘nggi kelishuv – amal qilish muddati tugashiga bir necha kun qolgan paytda amalga oshirilishi mumkin.
Putin 2024 yil dekabrda Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuvdan so‘ng, “Oreshnik” raketalari joriy yilning ikkinchi yarmida Belarusda joylashtirilishi mumkinligini aytgan. Bu esa Moskva Sovuq urushdan beri ilk bor yadroviy qurollarni o‘z hududidan tashqarida joylashtirayotgan yangi strategiyaning bir qismi hisoblanadi.
Lukashenko o‘tgan hafta ilk raketalar joylashtirilganini aytdi, ammo aniq joyni ochiqlamadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarusda 10 tagacha “Oreshnik” joylashtirilishi mumkin.
Amerikalik tadqiqotchilar esa mazkur baza hajmi jihatdan faqat uchta uchirish qurilmasini qabul qila olishini, qolganlari boshqa joyda bo‘lishi mumkinligini baholamoqda.
Ayni paytda AQSH Prezidenti Donald Tramp Moskva bilan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinyapti. Ukraina esa G‘arbdagi ittifoqchilaridan Rossiya ichiga chuqur zarba bera oladigan qurollar yetkazib berishni so‘ramoqda.
Tramp hozircha Kiyevning Moskvagacha yeta oladigan Tomahawk qanotli raketalarini berish haqidagi so‘rovini rad etgan. Britaniya va Fransiya esa Ukrainaga qanotli raketalar yetkazib bergan. Germaniya esa may oyida Ukraina bilan masofasi va nishonlariga cheklov qo‘yilmagan uzoq masofali raketalarni qo‘shma ishlab chiqarishni e’lon qildi.
Amerikalik tadqiqotchilarning aytishicha, Planet Labs sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilish 4–12 avgust orasida boshlangan shoshilinch qurilish ishlarini ko‘rsatgan. Ushbu ishlar Rossiya strategik raketa bazalariga xos belgilarga mos keladi.
Deker Eveletning ta’kidlashicha, 19 noyabrda olingan suratdagi “aniq dalil” – xavfsizlik panjarasi bilan o‘ralgan “harbiy darajadagi temiryo‘l orqali yuk tushirish nuqtasi”dir. Bu yerga raketalar, ularning mobil uchirish qurilmalari va boshqa qismlar poyezd orqali yetkazib berilishi mumkin.
Jeffri Lyuis esa yana bir belgini qayd etdi: uchish-qo‘nish yo‘lagining oxirida quyilgan beton platforma keyin tuproq bilan qoplangan bo‘lib, u “niqoblangan uchirish nuqtasiga mos keladi”, deb baholandi.
Rossiya yadroviy kuchlari bo‘yicha Jenevada faoliyat yurituvchi ekspert Pavel Podvig esa “Oreshnik”ni joylashtirish Moskvaga qo‘shimcha harbiy yoki siyosiy ustunlik berishiga shubha bilan qaraydi. Uning fikricha, bunday qadamning asosiy ahamiyati Belarusga uning himoya ostida ekanini ko‘rsatishdan iborat.
“Men bunga G‘arbda Rossiya hududida joylashtirishdan farqli narsa sifatida qaralishini tasavvur qilolmayman”, dedi Podvig.
Biroq Lyuisning ta’kidlashicha, “Oreshnik”ni Belarusda joylashtirish Rossiyaning yadroviy qurollarni o‘z hududidan tashqarida joylashtirishi orqali ularga tobora ko‘proq tayanayotgani haqidagi “siyosiy xabar”ni anglatadi.
“Agar biz Germaniyada oddiy qurolli emas, balki yadroviy jang qismiga ega Tomahawk (qanotli raketa) joylashtirsak, nima bo‘lishini tasavvur qila olasizmi? Bu tizimni Belarusda joylashtirish uchun harbiy sabab yo‘q, faqat siyosiy sabablar bor”, dedi Lyuis.
Live
Barchasi