Belarus Rossiyaga Ukraina havo mudofaasini aylanib o‘tishga yordam beryapti – Zelenskiy
Olam
−
27 dekabr 2025 2700 2 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari qo‘shni Belarus hududi orqali Ukraina havo mudofaa chiziqlarini aylanib o‘tishga urinyapti. Bu haqda kecha, 26 dekabr kuni kechqurun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “dronlar, mudofaa chiziqlari va Ukrainaning javob choralari” mavzusiga bag‘ishlangan Oliy Bosh qo‘mondon yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Bu Belarus uchun xavfli. Biz “Oreshnik” bilan bog‘liq qadamlarni ko‘rdik, endi esa — “shaxed”lar orqali. Afsuski, Belarus o‘z suverenitetini Rossiyaning tajovuzkor ambitsiyalari foydasiga topshirmoqda”, deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, rossiyaliklar Ukraina havo mudofaasi — xususan, dron-perexvatchiklar joylashgan chiziqlarni ko‘rib turibdi va ularni aylanib o‘tishga harakat qilmoqda. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi zarbalarda qo‘llanilayotgan uskunalar “jumladan, chegaraga yaqin Belarusdagi aholi punktlaridagi turarjoy binolarida” joylashtirilgan.
“Aslida oddiy besh qavatli uylarning tomlariga antennalar va boshqa uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, ular “shaxed”larni mamlakatimizning g‘arbiy hududlaridagi ob’ektlarga yo‘naltirishga yordam beryapti”, deb yozdi Ukraina Prezidenti.
Zelenskiyning aytishicha, bu “juda jiddiy masala”ga javob keyingi yig‘ilishda muhokama qilinadi.
“Bu inson hayotiga mutlaqo beparvolikdir va Minskda bu bilan o‘ynashishni to‘xtatishlari muhim. Biz sheriklarimizni xabardor qilamiz va qo‘shma javob choralarini tayyorlaymiz”, dedi u.
Ukraina Bosh vaziri Yuliya Sviridenkoning xabar berishicha, 23 dekabr tungi Rossiya hujumida Ukraina energetika infratuzilmasi nishonga olingan, eng katta zarar esa mamlakatning g‘arbiy hududlaridagi energetika ob’ektlariga yetgan. Ukraina Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha kuni ertalabga kelib Rovno, Ternopol va Xmelnitskiy viloyatlarida iste’molchilar deyarli to‘liq elektr ta’minotisiz qolgan.
25 dekabr kechqurun Rossiya qo‘shinlari Volin viloyatidagi muhim infratuzilma ob’ektiga dronlar bilan hujum qildi. Kovel temiryo‘l stansiyasida lokomotiv va yuk vagon zarar ko‘rdi, lokomotiv deposi sexining oynalari portlash to‘lqinidan sindi.
Radioelektron kurash va aloqa tizimlari bo‘yicha ekspert Sergey Beskrestnovning aytishicha, Rossiya Kiyev—Kovel temiryo‘l yo‘nalishiga ataylab hujum qilmoqda, bu orqali Ukraina bilan Polsha o‘rtasidagi logistikani to‘sib qo‘yish maqsad qilingan. UNIAN agentligi yozishicha, ekspert bu dronlar Rossiyadan uchirilayotgani, ammo ular Belarus hududidan boshqarilayotganini ta’kidlagan.
Belarus qo‘shinlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida bevosita ishtirok etmayapti, biroq ehtimoliy bosqin tahdidi sabab Ukraina Qurolli Kuchlarining bir qismi umumiy chegarada qolishga majbur.