Putin Rossiyada “yil odami” so‘rovida 2-o‘rinni oldi
Olam
−
27 dekabr 9457 2 daqiqa
Rossiyada ilk bor “yil odami” deb hech kim topilmadi. Ikkinchi o‘rinni esa mamlakat Prezidenti Vladimir Putin egalladi. Bunday natijalar “Russian Field” kompaniyasi e’lon qilgan sotsiologik telefon so‘rovi yakunlariga ko‘ra ma’lum bo‘ldi.
Rossiyaliklarning aksariyati “2025 yil odami” sifatida aniq bir shaxsni ayta olmagan, shu sababli birinchi o‘rinda “hech kim” javobi qayd etilgan. Tadqiqotchilar tomonidan 1600 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan telefon so‘rovi natijalariga ko‘ra, fuqarolarning katta qismi – 35 foizi “yil odami”ni aniq aytishda qiynalgan. So‘rovda qatnashganlarning 33 foizi Vladimir Putin uchun ovoz bergan. Shuningdek, ishtirokchilarning 4 foizi Donald Trampni “yil odami” deb atagan, 3 foizi esa erini yoki xotinini ko‘rsatgan.
Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan rossiyaliklarning uchdan bir qismi (36 foiz) siyosat sohasida “2025 yil odami” sifatida Vladimir Putinni tanlagan. Bu ma’lumotlar “Jamoatchilik fikri” jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov davomida olingan.
Respondentlarga siyosat, madaniyat va sport sohalarida “yil odami”ni tanlash taklif qilingan. Natijada so‘rovda qatnashganlarning uchdan bir qismi rossiyalik siyosatchilar va jamoat arboblari orasida “yil odami” Vladimir Putin bo‘lganini aytgan. Ikkinchi o‘rinda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov – uni ishtirokchilarning 6 foizi tanlagan, uchinchi o‘rinda esa mamlakat Bosh vaziri Mixail Mishustin 5 foizlik natija bilan qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning “Time” jurnali sun’iy intellekt yaratuvchilarini 2025 yil uchun “Yil odami” deb topgandi.
Live
Barchasi