Munosabatlar darz ketdi: Rossiya Armanistondagi elchisini chaqirib oldi
Olam
−
30 may 4372 2 daqiqa
Rossiyaning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin maslahatlashuvlar uchun Moskvaga chaqirildi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, bu qaror Armaniston rahbariyatining Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish bo‘yicha qadamlariga bog‘liq bo‘lib, Moskva ularni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi hamkorlikka zarar yetkazayotgan harakatlar deb baholamoqda.
Avvalroq, Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan YeOII sammiti yakunida Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Armanistonni imkon qadar tezroq referendum o‘tkazib, Yevropa Ittifoqi va YeOII o‘rtasidagi tanlov bo‘yicha aniq qaror qabul qilishga chaqirgan edi.
Sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda dekabr oyida Armanistonga nisbatan YeOII to‘g‘risidagi shartnoma amalini to‘xtatib turish ehtimolining oqibatlari yuzasidan maxsus hisobot taqdim etilishi aytilgan. Bunga Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagi tufayli ittifoq mamlakatlari iqtisodiy xavfsizligiga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar sabab qilib ko‘rsatilgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ta’kidlashicha, agar Yerevan YeOIIdan chiqsa, erkin savdo hududidan mahrum bo‘ladi, temiryo‘l tariflari oshadi va avtomobil tashuvchilarga qo‘yiladigan talablar kuchayadi. Shuningdek, energiya resurslari narxining qimmatlashuvi Armanistonga YAIMning kamida 14 foiziga teng iqtisodiy zarar keltirishi mumkin.
Shu bilan birga, Putin Armaniston qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, Rossiya bilan gumanitar va siyosiy aloqalar saqlanib qolishini, gap faqat iqtisodiy masalalar haqida ketayotganini aytdi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa mamlakatning YeOIIdan chiqishi kun tartibida yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan Moskva bilan munosabatlarga zarar yetkazishni istamaydi, biroq Armaniston manfaatlarini boshqa davlat manfaatlaridan ustun qo‘yadi.
Armanistonda Yevropa integratsiyasi jarayoni 2024 yil bahorida boshlangan. Mamlakat parlamenti Yevropa Ittifoqiga a’zolik istiqbolini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini 2025 yil mart oyida yakuniy o‘qishda qabul qilgan, keyinchalik hujjat Prezident tomonidan imzolangan.
Eslatib ўтамиз, avvalroq Yerevan Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish pozitsiyasini davom ettirsa, Rossiya Armanistonga gaz, neft mahsulotlari va ishlov berilmagan olmos yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuvni to‘xtatib qo‘yishi yoki bir tomonlama tartibda bekor (denonsatsiya) qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi