Armanistonliklarning 75 foizi YeIga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlaydi – OAV
Olam
−
30 may 1806 2 daqiqa
Xalqaro Respublika instituti tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rov natijalariga ko‘ra, Armaniston fuqarolarining 75 foizi mamlakatning Yevropa Ittifoqiga (YeI) a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ularning 38 foizi bu g‘oyani qat’iy ma’qullagan bo‘lsa, 37 foizi qisman qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Tadqiqot 2026 yil 5–11 may kunlari 1511 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan.
So‘rovda qatnashganlarning 61 foizi Armaniston to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini aytgan. Bu fevral oyidagi so‘rovga nisbatan sezilarli o‘sish bo‘lib, o‘shanda mazkur ko‘rsatkich 47 foizni tashkil etgan edi.
Tashqi siyosat masalasida respondentlarning 55 foizi G‘arb bilan yaqinlashuv tarafdori ekanini bildirgan. Shundan 36 foizi Yevropa va G‘arb bilan yaqin hamkorlik qilish, biroq Rossiya bilan aloqalarni saqlab qolish kerak deb hisoblaydi. Yana 19 foiz respondent esa faqat G‘arb yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlagan. Rossiyaga yaqin tashqi siyosat tarafdorlari ulushi 27 foizni tashkil qilgan.
Armaniston uchun eng katta tashqi tahdid sifatida respondentlarning 73 foizi Ozarbayjonni ko‘rsatgan.
Ikkinchi o‘rinda Turkiya qayd etilgan bo‘lib, uni 58 foiz respondent tahdid deb hisoblaydi. Rossiyani esa 32 foiz respondent asosiy xavf manbalaridan biri sifatida baholagan.
Siyosatchilarga bo‘lgan ishonch reytingida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan yetakchilik qilmoqda. Respondentlarning 29 foizi aynan unga eng ko‘p ishonishini bildirgan. Shu bilan birga, 40 foiz fuqaro birorta siyosatchiga ishonmasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin maslahatlashuvlar uchun Moskvaga chaqirilgandi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, bu qaror Armaniston rahbariyatining Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish bo‘yicha qadamlariga bog‘liq bo‘lib, Moskva ularni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi hamkorlikka zarar yetkazayotgan harakatlar deb baholamoqda.
Live
Barchasi