Naxichevon atrofidagi keskinlik: Isroil ham hujumni qoralab chiqdi
Olam
−
05 mart 5431 2 daqiqa
Eron tomonidan Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasiga qilingan dron hujumi xalqaro miqyosda keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Qiziq jihati, Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar ham ozarbayjonlik hamkasbi Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqotda mazkur hujumni qat’iy qoralab, Baku bilan hamjihatlik bildirgan. Bu haqda “Azertac” xabar berdi.
Suhbat davomida Bayramov bugun, 5 mart kuni Eron tomonidan Naxichevon hududiga dronlar orqali hujum uyushtirilgani haqida ma’lumot bergan. Uning ta’kidlashicha, bu harakat mamlakat suverenitetiga tajovuz bo‘lib, xalqaro huquq normalari va tamoyillarini qo‘pol ravishda buzadi. Isroil tomoni esa bu hujumni “qabul qilib bo‘lmas harakat” deb baholab, Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini urg‘ulagan.
Mazkur hodisa yuzasidan Pokiston ham o‘z munosabatini oshkor qilgan. Bosh vazir o‘rinbosari va Tashqi ishlar vaziri Muhammad Ishoq Dar Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqotda dron hujumlaridan jiddiy xavotir bildirib, bu kabi harakatlar mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkinligini tilga olgan.
Shuningdek, Turkiya Mudofaa vaziri Yashar Gyuler va Ozarbayjon Mudofaa vaziri general-polkovnik Zakir Hasanov o‘rtasida ham telefon suhbati bo‘lib o‘tgan. Tomonlar Naxichevon xalqaro aeroporti va boshqa fuqarolik infratuzilmalariga qilingan dron hujumlarini muhokama qilgan. Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik va mintaqadagi xavfsizlik masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Aroqchi ham Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali muloqot qilgan. Bayramov bu suhbatda ushbu hujumni qat’iy qoralab, uni xalqaro huquq normalariga zid va mintaqadagi vaziyatni keskinlashtiruvchi harakat sifatida baholagan. U Baku Tehrondan rasmiy uzr so‘rashi, hodisa yuzasidan tezkor va aniq izoh berishi hamda bunday holatlar takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rishini kutayotganini yetkazgan. Tehron vakili esa hodisa yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qilib, jabrlangan fuqarolar tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilib, Ozarbayjonga dron hujumini keskin qoralagan.
Live
Barchasi