Ozarbayjonda rus tili tag-tugi bilan yo‘q qilinadimi? 

Olam

image

Ozarbayjondagi maktablarda rus tilidagi ta’limni bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda bugun, 11 sentyabr kuni Ozarbayjon Fan va ta’lim vaziri Emin Amrullayev yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan brifingda so‘z ochdi.

Vazirning ta’kidlashicha, Ozarbayjonda “rus tilidagi maktablar” tushunchasi mavjud emas, Ozarbayjon maktablari bor, ular rus tilida dars beradi. Vazir bu bilan maktablar Ozarbayjonga tegishli ekanini urg‘ulamoqchi.

“Asosiy muammo – rus sektori uchun o‘qituvchilar yetishmasligi. Shu bois, rus tilida o‘qitiladigan darslar soni kamayishi mumkin. Biroq rus tilida o‘qitishni butunlay bekor qilish masalasi kun tartibida emas”, degan vazir.

Amrullayevning qo‘shimcha qilishicha, Baku rus tilini biladigan fuqarolarga doimo ijobiy munosabatda bo‘lgan.

“Biz doim rus tilini bilganlarga yaxshi munosabat qilganmiz. Albatta, agar ular ozarbayjon tilini bilishsa”, degan mamlakat Fan va ta’lim vaziri.

Ozarbayjonda rus tilini ildizi bilan quritib tashlash haqidagi gap-so‘zlar ikki mamlakat rahbarlarining munosabatlari keskinlashgan bir davrda urchidi.

Rossiya va Ozarbayjon munosabatlari xalqaro maydonda hozirgacha jiddiy masala bo‘lib qolmoqda. Oradagi ziddiyatlar 2024 yilning 25 dekabr kuni – Baku-Grozniy yo‘nalishida uchayotgan Embraer-190 samolyoti Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchrashi ortidan paydo bo‘ldi. O‘sha mash’um hodisada 38 kishi halok bo‘lgan edi. Qozog‘iston Transport vazirligining dastlabki hisobotida samolyot ikkita zarbadan keyin balandlikni yo‘qota boshlagani qayd etilgan. Aliyev esa bu voqeada tashqi ta’sir bo‘lganini bildirib, bu “rossiyaliklarning ishi” ekanini va Putin bu uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. 

Joriy yilning iyun oyi oxirida esa Rossiyaning 24 yil oldingi voqealarni kovlashi vaziyatni yanada taranglashtirdi. O‘sha tekshir-tekshirlar doirasida ikki ozarabayjonlik vafot etgandi. Ozarbayjon jasadlarda zo‘ravonlik izlari borligini bildirgan va qasddan odam o‘ldirish, qiynash va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. 

Shuncha voqealardan keyin anchagina dovyurak bo‘lib ulgurgan Ozarbayjon Baku shahrida “Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi xodimlarini ham hibsga oldi. Shuningdek, yana bir guruh Rossiya fuqarolari giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olindi. 

“Al Arabiya”ga bergan intervyusida esa Aliyev bu voqealarni yana bir esga oldi. U mamlakati Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidladi. Intervyu davomida Aliyev bugun bilan cheklanmadi va hatto 1920 yilda rus armiyasi Ozarbayjonga bostirib kirib, mamlakatni bosib olganini ham ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon rus tili Emin Amrullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing