Pentagon AQSH sanoat bazasini jangovar shaylikka keltirishini e’lon qildi
Olam
−
26 mart 6755 2 daqiqa
AQSH Mudofaa vazirligi Amerika o‘q-dorilar arsenali uchun o‘ta muhim komponentlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha bir nechta harbiy-sanoat korporatsiyalari bilan kelishuv imzoladi. Bu haqda Pentagon saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Lockheed Martin va BAE Systems kompaniyalari bilan imzolangan shartnoma THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimlari uchun o‘zi yo‘naltiruvchi kallaklar ishlab chiqarishni to‘rt baravarga oshirishni ko‘zda tutadi.
“Ta’minot zanjirimiz xavfsizligini ta’minlash asosiy pudratchilar bilan hamkorligimiz kabi muhimdir. BAE Systems bilan tuzilgan ushbu kelishuv talabning aniq, barqaror va uzoq muddatli ekani haqida signal beradi. Biz hamkorlarimizga investitsiya kiritish, kengayish va xodimlarni ishga olish uchun zarur bo‘lgan ishonchni taqdim etamiz. Sanoat bazasini aynan shunday qilib jangovar shaylik holatiga keltiramiz”, deydi Mudofaa vazirining xaridlar va ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari Maykl Daffi.
Mudofaa vazirligi mamlakatning ushbu muhim mudofaa qurollarini yaratish va joylashtirish imkoniyatlari AQSH yoki uning ittifoqchilariga dushman tomonidan tahdid soladigan har qanday xavfdan ustun bo‘lishiga kafolat beradi.
Bundan tashqari, Pentagon Honeywell Aerospace kompaniyasi bilan hamkorlikda navigatsiya tizimlari va radioelektron kurash yechimlarini o‘z ichiga olgan muhim komponentlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha doiraviy kelishuv tuzdi. Lockheed Martin bilan esa yuqori aniqlikdagi zarbdor raketalar ishlab chiqarishni tezlashtirishga qaratilgan shartnoma imzolandi.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli mojaro boshlanganidan beri hamda Isroilning G‘azodagi harbiy operatsiyalari davomida AQSH o‘z qurol-yarog‘ zaxiralarini, jumladan, artilleriya tizimlari, o‘q-dorilar va tankka qarshi raketalarni milliardlab dollarga qisqartirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Financial Times” (FT) nashri uchta xabardor manbaga tayanib AQSH Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlanganidan buyon bir necha yil davomida to‘plangan o‘ta muhim o‘q-dorilar zaxirasini sarflab yuborgani haqida xabar bergan edi.
Live
Barchasi