Polshada “Rayo Valekano” muxlislari kaltaklandi
Sport
−
12 dekabr 838 2 daqiqa
Kecha, 11 dekabr kuni Yevropa Konferensiya ligasi doirasidagi Polshada “Yagelloniya” va “Rayo Valekano” (1:2) uchrashuvi oldidan niqobli bezorilari ispaniyalik muxlislar avtobusiga avtomagistralda hujum qilgan. Bu haqda “Teleprensa” nashri xabar berdi.
Voqea o‘yin oldidan, Prosnits qishlog‘i yaqinidagi S8 avtomagistralida sodir bo‘lgan. Rasmiylarga ko‘ra, ispaniyalik muxlislarni olib ketayotgan avtobuslar oldida ikkita avtomobil to‘xtab, ularni majburan to‘xtatgan. Shundan so‘ng yaqin atrofdagi o‘rmondan bir necha o‘nlab hujumchilar chiqib kelib, ispan muxlislariga tayoqlar bilan hujum qilgan.
“Voqea joyiga yetib kelgan tez tibbiy yordam xodimlari jabrlanganlarga yordam ko‘rsatdi va uch kishi shifoxonaga yotqizildi”, deyiladi mahalliy politsiya bayonotida.
Hodisa yuzasidan jami 7 kishi qo‘lga olingan. Musodara qilingan buyumlar orasida niqoblarlar, teleskopik tayoqlar, yog‘och tayoqlar va metall qaychilar bo‘lgan.
“Rayo Valekano” klubining matbuot xizmati bu bo‘yicha izoh bermagan. Ispaniya politsiyasi esa mazkur holatga oid ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Konferensiya ligasi 5 turidan so‘ng “Rayo Valekano” 7 ochko bilan 12-o‘rinni egallab turibdi, “Yagelloniya” esa 8 ochko bilan 18 o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA Chempionlar ligasi doirasidagi “Atletik Bilbao” – PSJ o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng Parij klubi avtobusi tunda Basklar o‘lkasidagi mehmonxona yonida toshbo‘ron qilingan edi.
Live
Barchasi