Fransiyada muxlislar “Nitssa” o‘yinchilarini kaltakladi
Sport
−
02 dekabr 863 2 daqiqa
Fransiyaning “Nitssa” futbol klubi muxlislari milliy chempionat va Yevropa ligasidagi yomon natijalar tufayli jamoa futbolchilarini kaltakladi. Bu haqda “L’equipe” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ketma-ket oltinchi mag‘lubiyatni qabul qilib olgan “Nitssa” futbolchilarini mashg‘ulot markazi oldida 400 ga yaqin muxlis kutib olgan. Aynan shu yerda ikki tomon o‘rtasida keskin to‘qnashuv kelib chiqqan.
Xabarlarga ko‘ra, ikki futbolchi Jeremi Boga va Terem Moffi ayrim muxlislarning jismoniy hujumiga uchragan va o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lgan.
Ko‘plab fanatlar mag‘lubiyat seriyasidan so‘ng o‘z noroziliklarini bildirish, jamoani “uyg‘otish” maqsadida to‘plangan, biroq bu uchrashuv sport direktori Florian Moris, shuningdek, Boga va Moffi bilan keskin tortishuvlarga sabab bo‘lgan.
O‘yinchilar avtobusdan tushib, mashinalariga yo‘l olganida, ular olomon orasidan o‘tishga majbur bo‘lishgan. Oqibatda Terem Moffi va Jeremi Bogani ayrim fanatlar urgan va hatto yuzlariga tupurgan. OAV xabarlariga ko‘ra, har ikki futbolchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilishga qaror qilgan.
Ular tibbiy yordam ham olgan. Moffi kamida 1 haftaga safdan chiqqani, Boga esa besh kunlik mehnatga layoqatsizlik varaqasi olgani aytilmoqda. Ayni paytda Fransiya futbolchilar kasaba uyushmasi voqealarni keskin qoralab, futbolchilarning xavfsizligi ta’minlanishi shartligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, “Nitssa” hozirda Liga 1’da 17 ochko bilan 10-o‘rinda bormoqda.
Live
Barchasi