Putin Rossiya elitasi ishtirokidagi suiqasd va to‘ntarishdan xavotirda – razvedka
Olam
−
04 may 8127 4 daqiqa
Rossiya Prezidenti xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan Federal qo‘riqlash xizmati (FQX) Vladimir Putinning ehtimoliy suiqasddan xavotiri tufayli uni himoya qilish choralarini sezilarli darajada kuchaytirdi. Yevropa davlatlaridan birining razvedkasi shunday xulosaga kelgan. Bu haqda “Financial Times” tanishib chiqqan hisobotda keltirilgan.
Qayd etilishicha, choralarning bir qismi bevosita Prezidentning o‘ziga tegishli. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
- Putin bir necha haftalab modernizatsiya qilingan bunkerlarda, xususan, Krasnodar o‘lkasida vaqt o‘tkazmoqda (Rossiya OAV esa uning faoliyati haqidagi hisobotlar uchun avvaldan tayyorlangan videomateriallardan foydalanishda davom etmoqda).
- Putin tashrif buyuradigan joylar ro‘yxati keskin qisqartirilgan: na u, na uning oilasi endi Moskva viloyati va Valdaydagi qarorgohlarga bormayapti.
- 2026 yilda Putin biror marta harbiy ob’ektlarga tashrif buyurmadi, vaholanki o‘tgan yili bunday safarlar muntazam edi.
Boshqa xavfsizlik choralari bevosita Putin bilan ishlaydigan xodimlarga taalluqli. Uning yaqin atrofidagi xodimlarning uylariga kuzatuv tizimlari o‘rnatilgan.
Prezident bilan ishlaydigan oshpazlar, tansoqchilari va fotograflarga jamoat transportidan foydalanish taqiqlangan, Prezident Administratsiyasida esa ular ikki bosqichli tekshiruvdan, jumladan, FQX ko‘rigidan o‘tadi.
Putinga yaqin ishlaydigan xodimlarga faqat internetga ulanish imkoni bo‘lmagan telefonlardan foydalanishga ruxsat berilgan.
Xavfsizlikni kuchaytirish choralari FQX xodimlari tomonidan kinologlar ishtirokida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli tekshiruvlarni ham o‘z ichiga oladi. Ular, shuningdek, dronlarning ehtimoliy hujumlariga javob qaytarish uchun Moskva daryosi bo‘ylab joylashtirilgan. Bundan tashqari, xavfsirashlar tufayli Moskvaning ayrim tumanlarida aloqa tarmoqlari vaqti-vaqti bilan o‘chirib qo‘yilmoqda. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, FQX Prezidentning maxfiy farmoniga tayangan holda, Putin ishtirokidagi har qanday axborot yoki media materiallarini ham nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi.
Bu choralarning bir qismi Qurolli Kuchlar Bosh shtabi tezkor tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Fanil Sarvarov o‘ldirilganidan keyin joriy etilgan. 2025 yil dekabrida Sarvarovning avtomobili Moskvadagi uyi yaqinidagi to‘xtash joyida portlatib yuborilgan edi. Yevropa razvedkasining ta’kidlashicha, ushbu qotillik muhokamasi kuchishlatar tuzilmalar vakillari o‘rtasida nizo kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Hisobotda Vladimir Putin Sarvarov o‘ldirilganidan uch kun o‘tib – 25 dekabrda chaqirgan yig‘ilish tasvirlangan. Unda kuchishlatar tizimlar rahbarlari xavfsizlik tizimidagi kamchiliklar uchun javobgarlikni bir-birlariga yuklagan. Xususan, Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov FXX direktori Aleksandr Bortnikovni askarlar orasida qo‘rquv va parokandalik keltirib chiqarayotgan hujumlardan himoyani ta’minlay olmaganlikda keskin tanqid qilgan. Bortnikov esa, o‘z navbatida, resurs va kadrlar yetishmasligidan shikoyat qilib, Mudofaa vazirini o‘z idorasi tarkibida oliy rahbarlarni jismoniy himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi maxsus bo‘linma yo‘qligida ayblagan. Munozarada Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov ham qatnashib, o‘z resurslarini Mudofaa vazirligi ofitserlarini himoya qilishga ajrata olmasligini ta’kidlagan.
Yakunda Putin ishtirokchilarni xotirjamlikka chaqirib, muhokama formatini o‘zgartirishni taklif qilgan va bir hafta ichida muammolarning aniq yechimlarini taqdim etishni topshirgan. Yig‘ilishdan so‘ng Putin FQX direktori Dmitriy Kochnev bilan uchrashgan va natijada kuchaytirilgan himoya ostidagi shaxslar ro‘yxati kengaytirilgan: unga o‘nta yuqori martabali general, jumladan, Bosh shtab boshlig‘ining uch nafar o‘rinbosari kiritilgan.
Yevropa razvedkasi hisobotida qayd etilishicha, ushbu nizo Kremldagi ichki va tashqi muammolar fonida ortib borayotgan kuchli keskinlikdan dalolat beradi.
Shuningdek, mart oyi boshidan beri Putin nozik ma’lumotlar sizib chiqishi va fitna yoki to‘ntarishga urinish xavfidan xavotirda. Xususan, u Rossiya siyosiy elitasi tomonidan dronlar yordamida suiqasd qilinishidan qo‘rqmoqda. Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu esa “potensial beqarorlashtiruvchi omil” sifatida ko‘rilmoqda – u oliy harbiy qo‘mondonlikda hamon katta ta’sirga ega ekani aytiladi.
2026 yil mart oyi boshida Moskvada Shoyguning sobiq birinchi o‘rinbosari Ruslan Salikov hibsga olingan. U jinoiy hamjamiyat tuzish, mablag‘larni legallashtirish va pora olishda gumonlanmoqda. Razvedka hisobotida bu hibs elitalar uchun berilgan yashirin xavfsizlik kafolatlarining buzilishi sifatida baholangan, bu esa Shoyguning pozitsiyasini zaiflashtiradi va uning o‘zi ham jinoiy ta’qibga uchrashi ehtimolini oshiradi. Biroq CNN qayd etishicha, hisobotda Shoyguga nisbatan da’volar uchun dalillar keltirilmagan va bu kabi ma’lumotlarning tabiati ularni tekshirishni qiyinlashtiradi.
Live
Barchasi