Rizo Pahlaviy Germaniyada hujumga uchradi (video)
Olam
−
24 aprel 13297 2 daqiqa
Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li va muxolifat vakili Rizo Pahlaviy Germaniyada hujumga uchradi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Hodisa 23 aprel kuni Berlin hukumat kvartalida yuz bergan. Rizo Pahlaviy Federal matbuot anjumani binosidan chiqib ko‘chaga chiqqanida, orqadan kelgan erkak uning ustiga suyuqlik sepgan. Shundan so‘ng hujumchi yerga yotqizilib, politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Hujum sabablari hozircha ma’lum qilinmagan.
Pahlaviyning matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda bergan bayonotida u hodisadan zarar ko‘rmaganini va Berlin safarini o‘zgarishsiz davom ettirganini bildirgan. U Germaniya Bundestagining tashqi ishlar qo‘mitasi raisi bilan uchrashgan, parlamentdagi turli siyosiy kuchlar ishtirokidagi davra suhbatida qatnashgan, minglab eronliklar yig‘ilgan mitingda nutq so‘zlagan, yosh deputatlar bilan uchrashgan, ommaviy axborot vositalariga intervyular bergan hamda Eron diasporasi vakillari bilan muloqot qilgan.
Uning vakillari Pahlaviy e’tibor Eron xalqining og‘ir ahvoliga qaratilishini istayotganini ta’kidlagan. Ularning aytishicha, mamlakatda odamlar har kuni qatl, qotillik, qiynoqlar va zo‘ravonlik holatlariga duch kelmoqda. Shuningdek, ular Berlin politsiyasiga ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirgan.
Matbuot anjumanida Rizo Pahlaviy Yevropa davlatlarini Eron hukumatiga yon bermaslikka chaqirgan. Unga ko‘ra, bu rejim bilan kelishuv orqali tinchlikka erishish mumkin degan fikr xato va bunday tizim saqlanib qolsa ham barqarorlik bo‘lmaydi.
Pahlaviy, shuningdek, o‘zgarishlar muqarrar ekanini bildirib, asosiy savol bu jarayonda qancha eronlik halok bo‘lishida ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat so‘nggi ikki hafta ichida mamlakatda 19 nafar siyosiy mahbus qatl etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rizo Pahlaviy mamlakatda “o‘tish davri” rahbari bo‘lishga tayyor ekanini bildirgandi.
Live
BarchasiNetanyaxu Tramp bilan telefonlashdi
24 aprel
Nyu-Yorkda cherkov yonib ketdi
24 aprel