Ronaldu MMA olamiga qo‘shildi
Sport
−
28 noyabr 26124 2 daqiqa
Futbol bo‘yicha Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu aralash yakkakurashlar bo‘yicha WOW FC (The Way of Warriors FC) kompaniyasining hammuallifiga aylandi. Bu haqda “Gamereactor” nashri xabar berdi.
40 yoshli Ronaldu 2019 yilda asos solingan va Ispaniyada ko‘plab yirik janglarga mezbonlik qilgan WOW FC kompaniyasiga sarmoya kiritdi. Mazkur promouterlik tashkiloti so‘nggi yillarda tez sur’atlarda rivojlanib borayotgan MMA brendlardan biri hisoblanadi. 2024 yilda yengil vazn toifasida UFC chempioni bo‘lgan ispaniyalik jangchi Iliya Topuriya ham kompaniya aksiyadorlari safiga qo‘shilgan edi.
“Biz chin dildan ishonadigan qadriyatlar intizom, hurmat, qat’iyat va mukammallikka doimo intilish bizni birlashtiradi. WOW FC kuchli va noyob loyihani yaratmoqda. Aralash yakkakurashlarni yangi bosqichga ko‘tarish va kelajak avlodni ilhomlantirishga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman”, deya yozadi Ronaldu ijtimoiy tarmog‘ida.
WOW FC o‘z investitsiyalari orqali Ispaniyadan tashqarida Yevropa, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarda kengayishni maqsad qilgan. Tashkilot tomoshabinlar va sportchilar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, sportni “yanada qulay va boyroq tajriba” sifatida taqdim etish uchun yangi tashabbuslarni ishlab chiqmoqda. Ispaniyada WOW FC tadbirlariga tashrif buyuruvchilar soni yildan yilga o‘smoqda, har bir shouda esa 5000 dan ortiq tomoshabin qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ronaldu Portugaliya terma jamoasining Millatlar ligasidagi g‘alabasini nishonlash maqsadida har bir jamoadoshiga “Jacob & Co” kompaniyasidan maxsus tayyorlangan hashamatli soat sovg‘a qilgan edi.
Live
Barchasi