Rossiya zarurat paydo bo‘lsa, Yevropa bilan urushga tayyor – Putin
Olam
−
03 dekabr 6541 2 daqiqa
Rossiya Yevropa bilan urushmoqchi emas, biroq agar Yevropa urush boshlasa, Moskva bunga hozirning o‘zida tayyor. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 2 dekabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Uning aytishicha, bunday vaziyat tez orada yuzaga kelishi ham mumkin.
Uning ta’kidlashicha, Yevropa AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Ukraina masalasini tinch yo‘l bilan hal etilishiga erishishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bryussel Rossiya uchun qabul qilib bo‘lmaydigan takliflarni ilgari surayotganini aytgan Putin, Yevropaning o‘zi muzokaralardan chetga chiqib ketganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Yevropada Rossiyaga strategik mag‘lubiyat yetkazish g‘oyasini qurol qilib olishdi va hanuz shu illyuziyalar bilan yashashmoqda. Ularning Ukraina borasida tinchlik kun tartibi yo‘q. Ular urush tomonida”, degan Kreml rahbari.
U Yevropa “frontda shakllanayotgan real vaziyatdan kelib chiqib” harakat qilsa, muzokaralarga qaytishi mumkinligini istisno etmagan.
“Rossiya Yevropa mamlakatlari bilan jang qilishni rejalashtirmayapti, ammo agar Yevropa urush boshlasa, Rossiya hoziroq tayyor”, deya urg‘ulagan Putin.
Yevropa pozitsiyasi
Ma’lumki, Yevropa davlatlari Rossiyani “uncha xushlamaydi”, hatto katta sahnalarda Rossiya bilan urushga kirishish imkoniyati inkor etilmagan. Masalan, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich noyabr oyida Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi to‘qnashuv ehtimoli tobora yaqqol ko‘rinayotgani, bunga “hamma tayyorlanayotgani”ni aytgan.
Fransiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general Faben Mandon oktyabr oyida fransuz harbiylarini Rossiya bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilikka tayyorlanishga chaqirgan. Unga ko‘ra, mojaro “uch-to‘rt yil” ichida boshlanishi mumkin. Keyinroq general Mandon NATO davlatlari jangovar harakatlarga hozirlikni kuchaytirishi lozimligini yana takrorlagan.
Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto esa Yevropa allaqachon Rossiya bilan urushga tayyorlanayotgani, Yevropa Ittifoqining strategik hujjatlarida 2029 yilga kelib to‘liq harbiy tayyorgarlik ko‘zda tutilgani, bu esa ehtimoliy urushning 2030 yilda boshlanishi mumkinligini bildirgan.
Kreml esa Rossiya har doim Yevropa bilan mojaro xavfini tushunganini va manfaatlari hamda xavfsizligini ta’minlash uchun oldindan choralar ko‘rganini aytadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Rossiya bilan mumkin bo‘lgan urushga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mudofaasini kuchaytirayotgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, Polsha mudofaa byudjetini so‘nggi ikki yil ichida 2022 yilga nisbatan uch baravarga oshirgan. Mamlakat raketa va artilleriya tizimlari kabi qurol-aslaha xaridlarini ham ko‘paytirgan.
Live
Barchasi