Yevropaliklarning yarmi Trampni Yevropaning dushmani deb biladi – so‘rovnoma

Olam

image

Yevropa tahlilchilari tomonidan o‘tkazilgan keng qamrovli so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, yevropaliklarning qariyb yarmi AQSH Prezidenti Donald Trampni “Yevropaning dushmani” deb hisoblaydi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Parijda joylashgan Yevropa masalalari bo‘yicha Le Grand Continent nomli tahliliy platforma o‘tkazgan so‘rovda ishtirokchilarning uchdan ikki qismi o‘z mamlakatlarining Yevropa Ittifoqida qolishini istashini bildirdi.

So‘rovga ko‘ra, to‘qqizta davlat bo‘yicha o‘rtacha 48 foiz fuqaro Trampni ochiq dushman sifatida ko‘radi. Bu ko‘rsatkich Belgiyada 62 foiz, Fransiyada 57 foiz bo‘lsa, Xorvatiyada 37 foiz va Polshada 19 foizni tashkil etdi.

“Qit’a bo‘ylab trampizm aniq dushman kuch sifatida qabul qilinmoqda”, dedi siyosatshunos Jan-Iv Dormagen. 

Uning aytishicha, 2024 yil dekabriga nisbatan Trampni “na do‘st, na dushman” deb baholayotganlar kamaygan, uni to‘g‘ridan to‘g‘ri dushman sifatida ko‘ruvchilar esa ko‘paygan.

Biroq shunga qaramay, yevropaliklar AQSH bilan strategik hamkorlikni muhim deb hisoblashadi. Yevropa Ittifoqining AQSH hukumatiga nisbatan qanday pozitsiya egallashi kerakligi so‘ralganda, 48 foiz respondent murosaviy yondashuvni qo‘llab-quvvatladi.

Dormagenning qayd etishicha, bunday natijalarni “bir necha yil oldin tasavvur qilib bo‘lmas edi” va bu Yevropaning yangi geosiyosiy sharoitda bevosita to‘qnashuv ehtimolini ko‘proq e’tirof eta boshlaganini ko‘rsatadi.

So‘rov natijalari yana bir muhim holatni ochiqladi, milliy harbiy salohiyatga ishonch juda past. To‘qqiz davlatdagi respondentlarning 69 foizi o‘z mamlakati Rossiya tajovuzidan o‘zini himoya qila olmasligiga ishonadi.

Tahdidlar bo‘yicha ham sezilarli farqlar aniqlandi, 28 foiz respondent uchun texnologik va raqamli xavfsizlik asosiy xavotir bo‘lsa, 25 foiz odam harbiy xavfsizlikni eng katta tahdid sifatida ko‘rsatdi. So‘rovda qatnashganlarning 69 foizi Yevropa Ittifoqi mudofaa borasida faolroq rol o‘ynashi kerak, deb hisoblaydi.

Umuman olganda, so‘rovda ishtirok etganlarning katta qismi Yevropa Ittifoqiga a’zolikni qo‘llab-quvvatlagan. 74 foiz respondent o‘z mamlakatining ittifoqda qolishini istagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa Parij Tramp so'rovnoma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing