Putin 4 yil ichida ilk bor Hindistonga bordi (video)
Olam
−
04 dekabr 6391 2 daqiqa
Bugun, 4 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin so‘nggi to‘rt yil ichida birinchi marta Hindistonga tashrif buyurdi. Rossiya hukumati samolyoti Hindiston havo kuchlarining Nyu-Dehlidagi Palam aviabazasiga qo‘ngan. Bu haqda RBK xabar beradi.
Nashrning yozishicha, Putinni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi kutib olgan. Rossiya Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri bir avtomobilga o‘tirib, norasmiy uchrashuvga yo‘l olgan.
Tashrif ikki kun davom etadi. Bugun, 4 dekabr oqshomida Rossiya Prezidenti Modi bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazadi. “Thye Times of India”ga ko‘ra, kechki ovqat chog‘ida yetakchilar 2010 yilda “maxsus imtiyozli strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarilgan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilishi kutilmoqda. Shuningdek, Modi Hindistonning Ukrainadagi mojaroni tezroq hal etishga qiziqishini tasdiqlaydi.
Ertaga, 5 dekabr kuni Haydarobod saroyida tor va keng formatdagi rasmiy muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Rossiya Prezidenti bilan 7 nafar vazir birga borgan: Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Moliya vaziri Anton Siluanov, Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov, Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Oksana Lut va Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko, shuningdek Markaziy bank raisi Elvira Nabiullina, “Rosneft” rahbari Igor Sechin hamda “Rosatom” va “Roskosmos” vakillari.
Putin, shuningdek, Rossiya-Hindiston forumining yalpi majlisida ishtirok etadi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, tashrif yakunida jami 10 ta idoralararo va 15 dan ortiq tijoriy bitim imzolanadi. Jumladan, yetakchilar 2030 yilgacha mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturini qabul qiladi, Rossiya Ichki ishlar vaziri esa mehnat migratsiyasi bo‘yicha hukumatlararo kelishuvni imzolaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putinning Hindistonga tashrifi arafasida hindistonlik rasmiylar Rossiyadan atom suvosti kemasini ijaraga olish bo‘yicha bir necha yillardan beri davom etayotgan muzokaralarni nihoyasiga yetkazgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi