Rossiyadagi Ozarbayjon diasporasi rahbari yana qo‘lga olindi

Olam

image

Rossiyadagi ozarbayjon diasporasi rahbari Shahin Shixlinskiy Moskvada qo‘lga olinib, so‘roq uchun Yekaterinburgga olib ketildi. Bu haqda “E1.ru” va “66.ru” xabar berdi.

“E1.ru” manbasining aytishicha, tergov harakatlari avvalroq hibsga olingan jinoyat ishlaridan biri doirasida olib borilmoqda. “66.ru” manbasi, o‘z navbatida, Shixlinskiyga qarshi ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilganini da’vo qilmoqda: qotillik va hukumat amaldoriga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash moddalari bo‘yicha. Diaspora rahbarining aniq maqomi hozircha noma’lum. Joriy yilning iyul oyi oxirida Shixlinskiy jinoyat moddasi bilan qidiruvga berilgan edi. Biroq IIV ma’lumotlar bazasidagi kartochkada qaysi modda bo‘yicha ekani ko‘rsatilmagan.

16 iyul kuni Yekaterinburg sudi ozarbayjon diasporasi rahbarining o‘g‘li Mutvala Shixlinskiyni ikki oyga tergov izolyatoriga jo‘natdi. U hukumat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llaganlikda ayblanmoqda. O‘shanda Shahin Shixlinskiy hibsga olingan edi, so‘roq qilish tugab, bir necha soatdan keyin qo‘yib yuborilgandi.

Mutvala Shixlinskiy iyul oyi boshida uning otasi Rossiya kuchishlatar tuzilmalarining reydida halok bo‘lgan aka-uka Safarovlarga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ishda guvoh bo‘lganini, bu ish 2001-2011 yillarda Yekaterinburgda sodir etilgan qator qotilliklar va qotillikka suiqasdlarni tergov qilish bilan bog‘liqligini aytdi. Tergov qo‘mitasi bu haqda 27 iyun kuni ozarbayjonliklarning shaharda o‘tkazilgan reyd chog‘ida ommaviy hibsga olinganidan so‘ng ma’lum qildi. Hibsga olinganlardan ikki nafari halok bo‘ldi. Ozarbayjon Bosh prokuraturasiga ko‘ra, o‘limga kaltaklanish sabab bo‘lgan.

Mutvala Shixlinskiyning hibsga olinishiga 1 iyul kuni sodir bo‘lgan voqea sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. O‘shanda maxsus kuchlar xodimlari “Baku Plaza” savdo markazi yonida yo‘l o‘rtasida Ozarbayjon diasporasi rahbari Shaxin Shixlinskiyni qo‘lga olgandi.  Internetda Shixlinskiyni hibsga olinishi aks etgan videolar ham tarqaldi.  Unda ichida diaspora rahbari bo‘lgan Mercedes-Benz G-klassi avtomobili o‘rab olingani va xodimlardan biri “gelik”ning oynasini sindirganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, mazkur jarayonda mashina orqaga harakatlanib, xavfsizlik xodimlaridan birining ustidan bosib o‘tgani aytiladi. Rulda esa Mutvala edi. Bu harakat Rossiya Jinoyat kodeksining 318-moddasida (hukumat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash) nazarda turilgan jinoyat bo‘lishi mumkin.

Voqealar 2024 yilning dekabr oyida Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti halokatga uchraganidan keyin Moskva va Baku o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirdi. Ozarbayjon fojiada Rossiyani ayblaydi.

Yekaterinburgdagi hibslarga javoban Bakuda 20 ga yaqin Rossiya fuqarolari hibsga olingan, shu jumladan, fevral oyida litsenziyasi bekor qilingan Kremlga yaqin “Sputnik Ozarbayjon” agentligi jurnalistlari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva viloyatidagi Ozarbayjon diasporasi rahbari Elshan Ibragimov Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shahin Shixlinskiy Ozarbayjon diasporasi Mutvala Shixlinskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing