Saida Mirziyoyeva Trampning maxsus vakili bilan uchrashdi
Jamiyat
−
27 Oktabr 6934 2 daqiqa
Bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram sahifasida yozdi.
Uning yozishicha, AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakillari O‘zbekistonda keyingi 8 yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning shiddati va jadal sur’atini qayd etgan.

“Biz mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo sohasida ochilayotgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratdik. Jamoat xavfsizligi borasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashdik”, yozadi u.
Administratsiya rahbariga ko‘ra, bunday uchrashuvlar tomonlarning salohiyatini yaxshiroq tushunish va ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Uchrashuvda Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari, hozirda Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchisi bo‘lgan Komil Allamjonov ham ko‘rinish bergan.

Shuningdek, unda O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov ishtirok etgan.
O‘zbekistonga kelgach, Serjio Gor va Kristofer Landau 25 oktyabr kuni AQSH kompaniyalari bilan o‘zaro farovonlikni yuksaltirishning ko‘plab imkoniyatlari haqida suhbatlashdi. 6 oktyabr kuni esa ular O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishgan. Elchixona e’lon qilgan rasmlardan AQSH rasmiylari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “Chorsu” bozoriga borganini ko‘rish mumkin. Ularga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamrohlik qilgan.
27 oktyabr kuni esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Gor bilan uchrashdi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham u bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv so‘nggida Gor O‘zbekiston yetakchisiga Tramp nomidan yuborilgan bir qator sovg‘alarni topshirdi.
Ma’lumot uchun, Serjio Gor 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan. U siyosiy faoliyatini respublikachilar partiyasi doirasida olib borgan, Donald Tramp jamoasida turli lavozimlarda ishlagan va uning eng yaqin safdoshlaridan biri sifatida tanilgan. Gor Oq uyda Prezident Kadrlar boshqarmasi direktori sifatida faoliyat yuritgan, shuningdek, siyosiy kampaniyalarda ham faol qatnashgan. 2025 yil 22 avgust kuni Donald Tramp uni Hindistondagi elchi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatgan. Hozirda u Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil sifatida ham faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qilgandi.
Live
Barchasi