Shavkat Mirziyoyev Albaniya Prezidenti va ayolini kutib oldi
Jamiyat
−
16 iyun 2622 2 daqiqa
Bugun, 16 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begayni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib olib, shohsupaga taklif qilgan.

Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Albaniya davlat madhiyalari yangragan. Yetakchilar faxriy qorovul safidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Marosim yakunida birgalikda suratga tushilgandan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlangan.

Albaniya yetakchisi tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish ham ko‘rib chiqiladi.

Xalqaro kun tartibidagi masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama platformalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.
Tashrif dasturi doirasida Albaniya Prezidenti V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 15 iyun kuni Osiyo bo‘ylab besh kunlik safariga yo‘l olishi hamda u tashrif davomida Indoneziya, Filippin va O‘zbekistonda bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi