Xitoy kompaniyalari O‘zbekiston konlarida qidiruv olib boradi
Jamiyat
−
15:41 875 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Milliy energetika boshqarmasi rahbari Van Xunchji boshchiligidagi ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda China Energy Engineering Corporation, China Datang, Sinoma Energy Conservation, China Southern Power Grid, CAMCE, CNNC, State Nuclear Uranium Resource Development kompaniyalari rahbarlari hamda The Export-Import Bank of China va Bank of China vakillari ishtirok etgan.
Tomonlar energetika va geologiya sohalarida o‘zaro manfaatli yuqori texnologiyali loyihalarni ilgari surish, bank-moliya borasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqqan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi savdo-iqtisodiyot va investitsiya yo‘nalishlarida jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlagan.
Yilning o‘tgan davrida tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollardan oshgan, Xitoydan 8 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirilgan. O‘zbekistonda qariyb 6 mingta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
“Yashil” energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan. Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiyani saqlash tizimlari qurilmoqda.
Ushbu loyihalarni tezlashtirish hamda fotoelektr stansiyalar quvvatini kengaytirish, agrovoltaikani joriy etish va elektr uzatish liniyalarini qurish kabi yangi tashabbuslarni boshlash rejalari qo‘llab-quvvatlangan.
Chiqindilarni qayta ishlash hisobiga energiya ishlab chiqarish, data-markazlar va boshqa zamonaviy texnologik yechimlarni rivojlantirish sohasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Tog‘-kon va geologiya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha fikr almashilgan. Bu borada konlarda birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va ularni o‘zlashtirish, muhim xomashyoni yetkazib berish sohasida uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Muzokaralarda Xitoyning yirik banklari bilan moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil yo‘llari va gidroelektrostansiyalarini barpo etish, qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv ishtirokchilari davlat rahbariga proaktiv muloqot uchun minnatdorlik bildirib, erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirishga qat’iy intilishini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va Birlashgan Arab Amirliklari Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya qabul qilgan edi.
Live
Barchasi