Solovyovni bepusht chiqishi majruhligi alomati – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
13 yanvar 9606 2 daqiqa
Rossiyalik telejurnalist Vladimir Solovyovni “bepusht chiqishi uning chorasizlik va majruhlik darajasidan dalolat bermoqda”. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov o‘zining Telegram’dagi kanalida yozdi.
Uning aytishicha, rus shovinistlarining chiqishlari, yangi muammo emas. Xalqaro huquq asoslarini buzishga da’vat, Markaziy Osiyoda harbiy harakatlar haqidagi provokatsiyani sovuqqonlik bilan qabul qilish kerak.
“O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish hamda barcha do‘st davlatlar bilan xalqaro huquqning e’tirof etilgan tamoyillari asosida hamkorlik qilish davlat siyosatining ustuni bo‘lib qolaveradi.
Rossiya OAVlarida tinmayotgan bayonotlar ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasidagi munosabatlar ruhiga nafaqat zid, balki buzuvchi ta’sir ko‘rsatmoqda”.
Parlament spikerining o‘rinbosari so‘zida davom etarkan, Markaziy Osiyo xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik mintaqasi, o‘sish uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal taraqqiyot va hamkorlik makoni bo‘lishi bilan birga, har qanday tajovuzga jiddiy javob berishga qodir, qondosh davlatlar bir bo‘lgan hudud ham ekanini urg‘ulagan.
Uning alohida urg‘ulashicha, Solovyovning bepusht chiqishi uning chorasizlik va majruhlik darajasidan dalolat bermoqda, xolos.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin asosiy propagandist Vladimir Solovyov o‘zining o‘tgan haftadagi jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytdi.
Live
Barchasi