Toshkent va uning atrofida yashil zonalar maydoni 3 baravarga oshiriladi
Jamiyat
−
25 fevral 1104 3 daqiqa
Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydoni uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkaziladi. Bu haqda bugun, 25 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti va aglomeratsiyasi jadal o‘sib, Toshkent shahrining doimiy aholisi 3,1 million nafardan oshgan. Shu bilan birga, 2045 yilga borib, shahar aholisi ikki barobardan ziyodga ortishi prognoz qilinmoqda. Bu esa urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy, transport-logistika, muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilmaga tushayotgan yuklamaga mutanosib holda rivojlantirishni talab etadi.
Shuningdek, shahar muhitini sog‘lomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydonini uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish, aholi jon boshiga yashil maydonlar hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘paytirish maqsad qilingan.
O‘tgan davrda tashabbuskorlar tomonidan qurilish bo‘yicha umumiy maydoni 2 ming 679 gektar bo‘lgan 85 ta loyiha taklifi kelib tushgan. Taqdimotda ushbu loyihalarni kompleks ko‘rib chiqishning natijalari haqida axborot berilgan.
O‘rganish davomida har bir loyihani shaharsozlikning yagona yondashuvi asosida baholash, hududning kamida 30 foizida yashil maydonlar tashkil etish imkoniyati, renovatsiya orqali eskirgan hududlarni kompleks yangilash hamda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlar amaliyotidan voz kechish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Ko‘rib chiqish yakunlaridan kelib chiqib, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 ta loyihaning yer maydoni, qavatlar soni va loyiha konsepsiyasiga o‘zgartirish kiritgan holda maqbullashtirish taklif etilgan, 54 ta loyihani esa konseptual jihatdan to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur deb topilgan.
Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini kengaytirish rejalari muhokama qilingan. Buning hisobiga Toshkent shahri markazidan yirik sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich ko‘chirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va ekologiya talablariga javob beradigan ishlab chiqarishlarni joylashtirish muhim ekani qayd etilgan.
Ma’qullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida har yili qurilish hisobidan qo‘shimcha 1,5 milliard dollar yalpi hududiy mahsulot, byudjetga 3,5 trillion so‘m tushumlar shakllanishi va 260 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Taqdimotda yashil hududlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Loyihalarning kamida 30 foizida, ya’ni 400 gektarda yashil maydonlar tashkil etish shartligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan tashqari, Toshkent shahrining 9 ta hududida umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan alohida yangi jamoat parklari barpo etish rejalari ko‘rib chiqilgan va ma’qullangan.
Loyihalardan undiriladigan infratuzilma to‘lovlaridan tushgan mablag‘lar, birinchi navbatda, yangi yashil hududlar barpo etishga, ortgan qismi esa shahar infratuzilmasi ob’ektlarini qurishga sarflanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Prezident poytaxtdagi urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sog‘lom muhit va ekologiya talablari bilan bog‘lagan holda rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar bergan.
Live
Barchasi