Tojikistonda Markaziy Osiyo xavfsizligi bo‘yicha forum o‘tkaziladi
Olam
−
13 aprel 2998 1 daqiqa
Joriy yilning 23-25 aprel kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo xavfsizligi bo‘yicha forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Xovar” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur forum Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston strategik tadqiqotlar institutlari vakillari, shuningdek, Tojikistonning turli vazirlik va idoralari vakillari, xavfsizlik masalalari bo‘yicha tadqiqotchilar va ekspertlar ishtirok etadi.
Forum dasturiga yalpi majlislar, davra suhbatlari va ekspertlar muhokamalari kiritilgan bo‘lib, ular davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyodagi zamonaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilish hamda ularning yaqin istiqboldagi rivojlanishi bo‘yicha fikr almashishdan iborat. Forum davomida xavfsizlik sohasidagi ehtimoliy va potensial tahdidlar hamda imkoniyatlar ko‘rib chiqiladi, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikka ta’sir etuvchi transregional omillar aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning oktyabr oyida Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari Mudofaa vazirlari uchrashib, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgandi.
Live
Barchasi