Tramp ash-Shara bilan telefonda gaplashdi
Olam
−
20 yanvar 1392 2 daqiqa
Suriya Prezidenti Ahmad ash-Shara kecha, 19 yanvar kuni amerikalik mavqedoshi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda tomonlar Suriyadagi voqealarni muhokama qilib, mamlakat birdamligi va terrorizmga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.
Damashq ma’muriyati bayonotiga ko‘ra, yetakchilar Suriyaning hududiy yaxlitligi va mustaqilligini saqlab qolish muhimligini bildirgan va barqarorlikka erishishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini tan olgan.
Tomonlar Suriya davlati doirasida kurd xalqining huquqlari va himoyasini kafolatlash zarurligini ta’kidlagan.
“Prezidentlar, shuningdek, ISHIDga qarshi kurashda va ushbu tashkilotdan kelayotgan tahdidlarni bartaraf etishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi”, deyiladi Suriya Prezidenti ma’muriyati xabarida.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki yetakchi mintaqaviy va xalqaro tahdidlarga qarshi tura oladigan kuchli va birlashgan Suriyani ko‘rishga umumiy intilishlarini bildirgan.
Telefon muloqoti chog‘ida bir qator mintaqaviy masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi, bunda Suriyaga yaxshi kelajak sari harakatlanish uchun yangi imkoniyat berish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni Suriyaning muvaqqat hukumati qo‘shinlari Suriya Demokratik kuchlari (SDK) nazoratida bo‘lgan, mamlakat shimoli-sharqidagi bir qator hududlar va muhim ob’ektlarni egalladi. 18 yanvar kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Suriya muvaqqat Prezidenti Ahmad ash-Shara bilan telefon orqali suhbatda mamlakatdan terrorizmning to‘liq yo‘q qilinishi Suriyaga ham, butun mintaqaga ham zarur ekanligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi