Tramp Xomanaiyning tahdidiga javob qaytardi (video)
Olam
−
09:32 12812 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning “Agar AQSH Eronga hujum qilsa, urush mintaqaviy tus oladi”, degan bayonotiga javob berdi. Trampning bu haqdagi fikrlarini Oq uy matbuot xizmati keltirdi.
Trampning aytishicha, AQSH Eron tomoni yo‘nalishida dunyodagi eng katta va eng kuchli harbiy kemalarga ega. Shu bilan birga, u mojaroning harbiy yo‘l bilan hal qilinishidan ko‘ra, yadroviy kelishuvga erishilishini umid qilayotganini aytgan.
“Umid qilamanki, biz kelishuv tuzamiz. Agar kelishuv bo‘lmasa, unda Xomanaiy haq bo‘lganmi-yo‘qmi, bilib olamiz”, degan.
Ali Xomanaiy o‘z bayonotida Eron hujumkor siyosat yuritishni istamasligini, biroq mamlakat xavfsizligiga tahdid bo‘ladigan har qanday harakatga keskin javob berishga tayyor ekanini ta’kidlagan edi.
Shuningdek, Xomanaiy Eronda yaqinda yuz bergan tartibsizliklar, talon-toroj va hujumlar mamlakatni beqarorlashtirishga qaratilgan urinish bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlar davlat boshqaruv tizimini izdan chiqarishga qaratilgan, ammo hukumat ularni bostirishga muvaffaq bo‘lgan.
Vaziyat keskinlashuvi Trampning Eron tomonga USS Abraham Lincoln boshchiligidagi aviatsiya tashuvchi kemalar guruhi yuborilgani haqidagi bayonotlari fonida yuz bergan. Tramp, agar yadroviy kelishuv bo‘yicha oldinga siljish bo‘lmasa, kuch ishlatilishi mumkinligini ham istisno qilmagan.
Shundan so‘ng Tehronda AQSH bilan muzokaralarni tashkil etishda ma’lum darajada siljish borligi haqida xabar berilgan. Tramp esa kelishuvga erishish mumkinligiga yana bir bor umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Hormuz bo‘g‘ozida ikki kunlik harbiy mashg‘ulotlar boshlanishini e’lon qilgandi. Bu mashg‘ulotlar mintaqada harakatlanayotgan AQSH texnikalari yaqinida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. AQSH Qurolli kuchlarining Yaqin Sharqdagi Markaziy qo‘mondonligi Eron harbiylariga ogohlantirish bilan chiqqan. Unda AQSH tomoni amerikalik harbiy kemalar ustidan xavfli parvozlar yoki Eron katerlarining to‘qnashuv yo‘nalishida yaqinlashuvi kabi manyovrlarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi