Tramp Eron bilan muzokaralardan bosh tortdi
Olam
−
11:09 4090 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar boshlash bo‘yicha Yaqin Sharq davlatlari takliflarini rad etdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, Oq uy ning yuqori lavozimli amaldori Tramp barcha muzokara tashabbuslarini rad etganini va asosiy e’tiborni Eronning harbiy salohiyatini yanada zaiflashtirish maqsadida urushni davom ettirishga qaratganini tasdiqlagan.
Shu bilan birga, ikki nafar yuqori lavozimli eronlik amaldor nashrga Eron AQSH va Isroil zarbalari to‘xtamaguncha o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasligini bildirgan. Ularga ko‘ra, mojaroni hal qilish uchun bir necha davlatlar vositachilik qilishga urinib ko‘rgan.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda avval ham vositachilik qilgan Ummon bir necha bor tomonlar o‘rtasida muloqotni tiklashga harakat qilgan. Biroq Oq uy bunday tashabbusga qiziqish bildirmagan.
Eronlik manbaning aytishicha, mamlakatning xavfsizlik masalalari bo‘yicha bosh vakili Ali Larijoniy va Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham Ummon orqali o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni tashkil etishga uringan. Ushbu muzokaralarda Jey Di Vens ishtirok etishi mumkin edi, biroq bu uchrashuvlar amalga oshmagan.
Tramp Eron bilan faqat uning taslim bo‘lishi haqidagi kelishuvdan boshqa hech qanday bitim tuzilmasligini bildirgan. Keyinroq u “Axios” nashriga bergan izohida, agar Eron taslim bo‘lishini e’lon qilsa yoki urushni davom ettirish imkoniyati qolmasa, bunday holat yuz berishi mumkinligini aytgan.
AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi harbiy operatsiya fevral oyi oxirida boshlangan. Mojaroning dastlabki kunlarida Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgani xabar qilingan.
Ma’lum qilinishicha, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha AQSH bilan so‘nggi muzokaralar 26 fevral kuni Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan. Bu uchrashuvdan ko‘p o‘tmay AQSH va Isroil Eron ga qarshi harbiy operatsiya boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Katta yettilik” mamlakatlarining yetakchilari ham Trampni Eron urushini tezroq tugatishga chaqirgandi.