Tramp Rossiya pullarini Ukrainadagi loyihalarga yo‘naltirmoqchi – WSJ
Olam
−
11 dekabr 2828 3 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning ma’muriyati so‘nggi haftalarda yevropalik amaldorlar bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasiga qo‘shimcha hujjatlarni qo‘shishni muhokama qilmoqda. Ularda YeI hududida muzlatilgan Rossiya aktivlarini yechish va ularni AQSHning moliyaviy va boshqa kompaniyalariga Ukrainada loyihalarni rivojlantirish uchun topshirish taklif qilingan. Bu haqda amerikalik va yevropalik manbalariga tayanib, kecha, 10 dekabr kuni “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Hujjatlarga ko‘ra, loyihalardan biri Ukrainada yirik yangi data-markaz qurish bo‘lishi kerak. U Zaporoje AESidan energiya bilan ta’minlanadi, bu stansiya hozirda rossiyaliklar nazoratida.
Trampning tinchlik rejasiga qo‘shimcha qilingan hujjatlarda “Rossiya iqtisodiyotini inqirozdan chiqarish bo‘yicha Amerikaning umumiy qarashi” ham bayon etilgan. Unga ko‘ra, AQSH kompaniyalari Rossiya iqtisodiyotining strategik sohalariga – kamyob metallar konlarini o‘zlashtirish, Arktikada neft qazib olish quduqlarini burg‘ilash kabi yo‘nalishlarga investitsiya kiritishi nazarda tutilgan. Shuningdek, AQSH Rossiyaga Yevropa va jahon energiya bozorlariga qayta kirishiga yordam berishga tayyor.
Hujjatlar bilan tanishgan yevropalik amaldorlardan birining WSJ'ga aytishicha, bu rejalar unga Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropani ta’sir hududlariga bo‘lib berish uchun tuzilgan Yalta kelishuvlarini eslatgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 11 dekabr kuni WSJ nashrida Vashington rejalari haqidagi maqolaga munosabat bildirib, Moskva “xorijiy investitsiyalar oqimiga qiziqish bildirishini” ta’kidladi.
“Rejalarga kelsak, biz qandaydir rejalar yoki loyihalarni ommaviy muhokama qilish bilan shug‘ullanmaymiz”, dedi Peskov.
Shu orada Yevropaning YeI hududida muzlatilgan Rossiya aktivlari bo‘yicha o‘z rejalari bor. O‘tgan hafta Yevrokomissiya Ukrainaga Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlari garovi ostida “reparatsiya krediti” berish taklifini ishlab chiqqan edi. “Financial Times” gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu maqsad uchun kelasi ikki yilda 90 milliard yevro ajratish ko‘zda tutilgan. YeIda muzlatilgan Rossiya aktivlarining umumiy qiymati taxminan 210 milliard yevrodir. Bunda yuridik jihatdan bu mablag‘lar musodara qilinmaydi, ammo Rossiya ularni faqat Ukrainaga reparatsiya to‘laganidan keyingina qaytarib ola oladi. Kiyev esa Moskva tomonidan to‘langan reparatsiyalar hisobiga YeIdan olgan kreditini qoplab boradi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers esa OAVda muhokama qilingan Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini AQSHga berish ehtimoliga izoh berib, bu imkoniyatni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga qishni yengib o‘tishda yordam berish va ehtimol, yaqin 2–3 yilda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish zarur.
“Buni amalga oshirish uchun bizga mablag‘ kerak. Bu – Yevropaning ichki masalasi va biz foydalanayotgan mablag‘larni AQSHga o‘tkazish iqtisodiy jihatdan imkoniyatini ko‘rmayapman. Buni amerikaliklar ham biladi”, dedi u.
8 dekabr kuni Londonda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda ham Mers AQSH takliflariga “shubhalanib qarashi”ni takrorladi.
WSJ suhbatdoshlarining aytishicha, bunday vaziyat “aqlbovar qilmas shoshilinch poyga”ni keltirib chiqaradi – Yevropa o‘z rejalarini amalga oshirguncha, AQSH o‘z kelishuvlariga rozilik olishdan oldin ularni ortda qoldirishga harakat qiladi.
Live
Barchasi