Turkiyaning qadimiy shahri turkiy dunyoning madaniyat poytaxti bo‘ldi

Olam

image

Turkiyaning Kayseri shahri 2027 yil uchun turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilindi. Bu haqda – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi doimiy kengash tomonidan berilgan vakolat asosida o‘z baholash ishlarini yakunlagan. Qaror tasdiqlangach, TURKSOY doirasida keng ko‘lamli ish dasturi boshlanadi. 2027 yilda o‘tkaziladigan san’at va ilmiy tadbirlar Kayseri shahar hokimligi bilan hamkorlikda rejalashtiriladi.

Kayseri shahri insoniyat tarixidagi eng qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biridir. Uning tarixi taxminan 6000 yil avvalga borib taqaladi. Bu hududda Kultepa yozuvlari topilgan bo‘lib, u Anadolu hududidagi yozuv madaniyati va xalqaro savdoning ilk markazlaridan biri hisoblanadi. Rim davrida shahar “Caesarea” nomi bilan yirik markazga aylangan.

XI asr oxirida Saljuqiylar davlati tarkibiga kirgach, shahar turk-islom madaniyati bilan uyg‘unlashib, olimlar markazi sifatida tanilgan. Shahar markazida joylashgan Gavhar Nasiba shifoxonasi esa dunyodagi ilk tibbiyot maktablaridan biri hisoblanadi.

Usmoniylar davrida esa shahar Buyuk Ipak yo‘lining muhim savdo markaziga aylangan va Me’mor Sinonning vatani sifatida ham tanilgan.

Bugungi kunda Kayseri o‘zida qadimiy Kanish savdo an’analarini, Rim davri merosini, Saljuqiylar ilmiy an’analarini va Usmoniylar me’morchiligini mujassam etgan tarixiy shahar sifatida 2027 yilda Turk dunyosi madaniyat poytaxti unvonini qabul qilgan.

Kayseri shahar hokimi Memduh Buyukqilich o‘zining yozma bayonotida shahar nafaqat tarixiy obidalari, balki madaniy qadriyatlarni asrashga qaratilgan restavratsiya va yangilash loyihalari bilan ham ajralib turishini aytgan.

“Kayserini turk dunyosining madaniyat markaziga aylantiradigan bu muhim qadam umumiy tarix va qadriyatlarimizni yanada kuchliroq tarzda kelajakka olib o‘tadi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb Andijon shahri e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya turkiy dunyo TURKSOY Kayseri madaniyat poytaxt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing