Turkmanistonda 1 kunda 3 ta yangi vazirlik tuzilib, 2 ta hokim ishdan olindi

Olam

image

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov joriy yilning 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yig‘ilishida Transport va aloqa agentligini tugatib, uchta yangi vazirlik tashkil etish haqida farmon chiqardi. Bu haqda “Turkmaniston xronikasi” xabar berdi.

Qayd etilishicha, transport va aloqa tizimidagi islohotlar doirasida quyidagi yangi vazirliklar tashkil etilgan:

  • Temir yo‘l transporti vazirligi – vazir etib Mammet Akmammedov tayinlangan;
  • Aloqa vazirligi – vazir Hojimurat Hudayguliyev (6 oylik sinov muddati bilan);
  • Avtomobil transporti vazirligi – vazir Begench Annadurdiyev.

Shuningdek, ikkita yangi davlat xizmati tashkil etilgan:

  • Türkmenhowaýollary (havo yo‘llari bo‘yicha) davlat aviakompaniyasi, rais – Dovran Saburov;
  • Daryo va dengiz transporti bo‘yicha davlat xizmati, rais – Azat Shanazarov.

Berdimuhamedov transport va aloqa majmuasiga mas’ul bo‘lgan yangi vazir o‘rinbosari lavozimini ham joriy qilgan. Bu lavozimga sinov muddati bilan avval Transport va aloqa agentligiga rahbarlik qilgan Mammetxan Chakiyev tayinlangan.

Shuningdek, Nazar Agaxonov Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri etib tayinlangan.

Türkmenhimiýa davlat konserni raisi Dovrangelidi Sapbaev jiddiy kamchiliklar uchun ishdan olingan. Uning o‘rniga vaqtincha Tangrigul Atayev tayinlangan.

Hududiy boshqaruvda ham o‘zgarishlar bo‘lgan:

  • Lebap viloyati hokimi Maqsat Annanepesov ishdan olinib, uning o‘rniga Durdi Ganjiyev tayinlangan. Ganjiyev Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi lavozimini ham saqlab qolgan;
  • Mariy viloyatiga esa endi Davronberdi Annaberdiyev rahbarlik qiladi. U Begenchmurat Orazovning o‘rnini egallagan.

Prezident boshqa bir qator tayinlovlarni ham amalga oshirgan: ayrim tuman hokimlari va oliy o‘quv yurtlari prorektorlari almashtirilgan.

Transport va aloqa agentligi tugatilishidan oldin Chakiyev 2025 yilning birinchi yarmidagi faoliyati bo‘yicha hisob bergan. Uning aytishicha, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi rejaning 115,7 foizini tashkil qilgan. U yangi aloqa texnologiyalarining joriy etilayotganini ham ta’kidlagan.

Biroq “Turkmen.news” yozishicha, rasmiy raqamlarga qaramay, sohadagi real ahvol ideal holatdan yiroq: korrupsiya, past sifatli xizmatlar, avtoyo‘l qurilishining cho‘zilishi, mintaqalarda sifatsiz aloqa kabi muammolar saqlanib qolmoqda. Bu muammolarning asosiy sababi sifatida ilgari yaratilgan murakkab boshqaruv tizimi ko‘rsatilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston Serdar Berdimuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing