Ukrainada josuslikda gumon qilingan jurnalist hibsga olindi

Olam

image

Ukrainada Belarus foydasiga josuslik qilishda gumon qilingan jurnalist qo‘lga olindi. U Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasiga (GUR) “qo‘shilishga” uringan. Bu haqda Ukraina Xavfsizlik xizmatiga (SBU) tayanib, “Ukrainskaya pravda” ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, SBU va GUR tomonidan Kiyevda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli maxsus operatsiya natijasida 2015 yildan buyon Belarus KGBsi bilan hamkorlik qilib kelgan maxfiy agent qo‘lga olindi. Tergov materiallariga ko‘ra, u 2020 yilda Minskdan Ukrainaga maxfiy topshiriqlarni bajarish uchun yuborilgan. Jurnalist Ukraina tomonida jang qilayotgan Rossiya va Belarus fuqarolari haqida ma’lumot to‘plagan. 

Gumonlanuvchi o‘z uyi yaqinida hibsga olingan. Uning maxfiy ma’lumotlarni yozib olishda foydalangan smartfoni va ovoz yozuvchisi musodara qilingan. Unga Ukraina Jinoyat kodeksining 114-moddasi 1-qismi (josuslik) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan bo‘lib, bu modda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.

35 yoshli ayol 27 yanvar kuni hibsga olingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, u jurnalistik faoliyati va OAVdagi aloqalaridan Ukraina siyosatchilari, harbiy xizmatchilari hamda xorijiy diplomatlar o‘rtasidagi shaxsiy aloqalarni kengaytirish maqsadida foydalangan.

SBU bayonotida aytilishicha, keng ko‘lamli bosqinchilik davrida Belarus KGBsi agentga qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tish uchun Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biriga borishni topshirgan. Ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tish bahonasida chegarani kesib o‘tgan.

SBU ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchiga Ukrainani Rossiya Federatsiyasidan himoya qilishda yordam berayotgan Rossiya va Belarus fuqarolari haqida ma’lumot to‘plash vazifasi yuklatilgan. Bundan tashqari, unga Belarus KGBsi tomonidan Ukrainadagi Xitoy elchixonasi vakillari bilan norasmiy aloqalar o‘rnatish va xitoylik diplomatlar faoliyati haqida razvedka ma’lumotlarini yig‘ish topshirilgan.

Kiyevga qaytgach, ayol GURning shtab bo‘linmalaridan birida lavozim egallashga uringan. SBU ta’kidlashicha, josus o‘z vaqtida fosh etilgach, huquq-tartibot idoralari Belarus maxsus xizmatlari bilan uzoq muddatli “operatsion o‘yin” olib borgan va ular orqali ataylab noto‘g‘ri ma’lumotlar uzatilgan. Shuningdek, KGB uchun potensial nomzodlarni aniqlashga qaratilgan urinishlar ham qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda “Xalqparvar Guruhi” jurnalisti to‘rt yilga qamalgandi. U tuhmat, tovlamachilik, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, yolg‘on axborot tarqatish ayblovlari bilan aybli deb topilgan.

Joriy yilning 16 yanvar kuni esa, “Taftish.uz” saytining to‘rt nafar xodimi tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. 

Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda “Taftish.uz” Ommaviy axborot vositasi xodimlari 1992 yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000 yilda tug‘ilgan Sardor Hamidov, 2006 yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998 yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonovlar protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda ularning qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist Ukraina Belarus' qo'lga olindi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing