Narkosavdogar va uning sherigi ushlandi
3-sahifa
−
26 yanvar 2140 1 daqiqa
Toshkent shahrida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan 46 yoshli erkak va uning sherigi “gashish” moddasini sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Bekobod shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs shartli xaridorga 200 gramm “gashish” moddasini 50 million so‘mga sotgan paytida ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs olingan pul mablag‘ining 6,9 million so‘mini 1989 yilda tug‘ilgan hamshahariga topshirgan vaqtda u ham qo‘lga olindi. Uni tekshirish davomida yonidan 500 gramm “gashish” moddasi aniqlangan.
Ayni paytda mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xorazm va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda narkotik sotuvchilari hamda qimor o‘yinlarini tashkil qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi