O‘zbekiston Kanadaga mag‘lub bo‘ldi

Sport

image

Bugun, 2 iyun kuni Kanadaning Edmonton shahrida O‘zbekiston va Kanada terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Uchrashuvning dastlabki bo‘limida Eldor Shomurodovda bir nechta golli vaziyatlar yuzaga keldi, ammo Eldor ulardan foydalana olmadi. 23-daqiqada esa, O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz G‘aniyev jarohat olib, maydonni tark etdi. Shu tariqa birinchi bo‘lim 0:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi bo‘limda mezbonlar tashabbusni qo‘lga oldi. 58-daqiqada Jonatan Osorio hisobni ochdi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtning so‘nggi daqiqalarida Jalden Nelson Kanadaning ikkinchi golini urdi. Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi va O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati oldidan o‘tkazilgan ilk o‘rtoqlik uchrashuvida mag‘lub bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 26 may kuni Toshkentdan Nyu-Yorkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov orqali AQSHga yetib borgan edi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Jahon chempionatidagi debyuti oldidan ikki o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Kanadaga qarshi bahsdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 8 iyun kuni Nyu-York shahrida Niderlandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionati uchun kengaytirilgan 30 kishilik tarkibi e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing