Mustaqillik bayrami tantanalari Anqaragacha yetib bordi (fotoreportaj)
Jamiyat
−
01 Sentabr 2025 7653 2 daqiqa
O‘zbekistonning Mustaqillik bayrami masofa va chegara tanlamayapti. Jumladan, mamlakatning 34 yillik mustaqilligi tantanalari Turkiya poytaxti Anqaragacha yetib bordi. Turkiyada o‘zining vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonliklarga kecha, 31 avgust kuni bayram shukuhi ulashildi. QALAMPIR.UZ bayram tadbirlari bilan bevosita tanishdi.

Bayram tadbirlari ikki bosqichdan iborat bo‘ldi. Dastlab to‘rt turdagi sport musobaqalari: futbol, milliy kurash, qisqa masofaga yugurish va arqon tortish bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda o‘zbek milliy kurashi Turkiyada keng yoyilayotgani va bunda Anqarada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonliklar asosiy rolda ekani namoyon bo‘ldi. Bu esa Anqarada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ma’lum turdagi mehnat faoliyati bilan band bo‘lishlariga qaramay, o‘zlarini qiziqtirgan sport o‘yinlariga ham vaqt topayotgani va bu uchun kerakli sharoitlar yaratib berilganining dalilidir.



Sport musobaqalari yakunlangach, g‘oliblar Migratsiya agentligi va O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi tomonidan turli sovg‘alar bilan taqdirlandi. Sport o‘yinlari tadbirning alohida yorqin qismi bo‘ldi. Chunki musobaqalar turli nuqtalarda o‘tkazilganiga qaramay, Turkiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik ayollar erkak hamyurtlarini qo‘llab-quvvatlashda faollik ko‘rsatdi.

Kunning ikkinchi qismida navbat bayram dasturxoni va konsert dasturiga yetib keldi. O‘zbekistondan taklif qilingan mahoratli san’atkorlar va aynan shu tadbir uchun chaqirtirilgan oshpazlar tadbirning mazkur qismida Anqaradagi o‘zbekistonliklarning xizmatida bo‘ldi. Tadbir yakunida ma’sullar xorijdagi, xususan, Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolari uchun kelgusi milliy bayramlarda ham shunday hissiyot va yaqinlik ulashishda davom etishga va’da berdi.


QALAMPIR.UZ mazkur tadbirlarni har bir detaligacha yoritdi. Tez orada Anqarada o‘tgan O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram haqidagi videomaterialni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi