O‘zbekistondagi ayrim suv havzalarining nomi o‘zbekchalashtirildi
Jamiyat
−
18 noyabr 16513 2 daqiqa
O‘zbekistondagi ayrim daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalar, suvomborlari va sel suvomborlarining davlat tiliga muvofiq ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda hukumatning joriy yilning 10 noyabr kuni qabul qilingan “Suv xo‘jaligi sohasidagi ayrim geografik ob’ektlarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.
Mazkur ro‘yxatdagi 130 ta suv ob’ektlarining nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilgan. Masalan, Akshakul – Oqchako‘l, Sarikamish – Sariqamish, Kovukkul – G‘ovukko‘l bo‘lib o‘zgargan. Shuningdek, ayrim suv havzalarining nomi yangilangan. Xususan, endilikda Namangan viloyatining Uychi tumanidagi Sassiqsoy nomli sel suvombori Sho‘rsuv, Yangiqo‘rg‘ondagi Gaiston sel suvombori Yangiqo‘rg‘on, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Jinnidaryo nomli daryo Zo‘g‘atasoy deb nomlanadi.
Suv xo‘jaligi vazirligi 2 oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalar, suvomborlari va sel suvomborlari nomlarining davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi hamda yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar, ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalar, suvomborlari va sel suvomborlarida o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumatning 17 oktyabrdagi “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJga qarashli temiryo‘l vokzali, temiryo‘l stansiyasi va temiryo‘l razezdi nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan “O‘zbekiston temiryo‘llari”ga qarashli vokzallar, stansiyalar, raz’ezdlar nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi