Yaponiyada amaldorlarga shorti kiyish tavsiya etildi
Olam
−
10:24 2343 1 daqiqa
Tokio shahar ma’muriyati davlat xizmatchilarini ishga shortida kelishga chaqirdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Mulozimlarning fikricha, kamroq rasmiy uslubni tanlash AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda yaqinlashayotgan yoz jaziramasi sharoitida elektr energiyasini tejashga yordam beradi.
Energiya tejash bo‘yicha muvaffaqiyatli Cool Biz tashabbusidan ilhomlangan rasmiylar, ushbu chora konditsionerlarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga imkon berishidan umid qilmoqda. Issiq yoz vaqtida yengillashtirilgan kiyim shakli kampaniyasi sifatida tanilgan Cool Biz Yaponiyada 2005 yilda joriy etilgan edi. O‘shanda gap ishda pidjak va bo‘yinbog‘ (galstuk) taqmaslik imkoniyati haqida ketgan.
“Biz qulaylik birinchi o‘ringa qo‘yiladigan yengil kiyimlarni, jumladan, polo, futbolka va krossovkalarni, shuningdek, xizmat vazifalaridan kelib chiqqan holda shortilarni kiyishni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Tokio gubernatori Yuriko Koike.
Ma’lumot uchun, Yaponiya va Osiyoning boshqa davlatlari Yaqin Sharqdagi mojaroning iqtisodiy oqibatlari – neft narxining oshishi va energiya resurslari taqchilligidan tobora ko‘proq xavotirga tushmoqda. Vetnam, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar energiya iste’molini cheklash choralarini ko‘rgan va davlat xizmatchilariga masofadan ishlashni tavsiya qilgan yoki ish haftasi davomiyligini qisqartirgan. Seulda esa hokimiyat aholini qisqa masofalarga piyoda yoki velosipedda yurishga chaqirgan.
Live
Barchasi